So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklarning xorijiy davlatlarga sayohat qilish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, bu borada Yevropa davlatlariga bo‘lgan qiziqish ortayotgani kuzatilmoqda. Buyuk Britaniya Yevropa qit’asida joylashgan va dunyo miqyosida muhim siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy markazlardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy salohiyati, ta’lim tizimi, madaniy yodgorliklari, zamonaviy infratuzilmasi va turizm salohiyati tufayli Buyuk Britaniya ko‘plab sayyohlar uchun maftunkor mamlakat sanaladi. Bu yer nafaqat tarixi va arxitekturasi bilan, balki ta’lim muassasalari, san’at va madaniyat markazlari, shuningdek, turistik joylari bilan mashhur.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra 2025 yilning yanvar-iyul oylarida jami 3,8 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda Buyuk Britaniyaga safar qilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 1,1 ming nafarga yoki 40 foizga oshgan.
Bunday sezilarli o‘sish faqat turizm bilan cheklanib qolmay, balki ta’lim, xizmat safari, davolanish va qarindoshlarni yo‘qlash kabi boshqa maqsadlarni ham qamrab olmoqda. Bu esa o‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniya nafaqat turizm, balki ko‘p qirrali xalqaro munosabatlar maydoniga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning 7 oyida Buyuk Britaniyaga borgan O‘zbekiston fuqarolarining safar maqsadlari quyidagicha taqsimlanadi: sayohat – 2 ming 713 nafar, o‘qish – 512 nafar, qarindoshlarni yo‘qlash – 448 nafar, xizmat yuzasidan 94 nafar, davolanish uchun 19 nafar.
Buyuk Britaniyadagi zamonaviy hayot, ishbilarmonlik muhiti va dunyodagi muhim xalqaro munosabatlardagi roli, ayniqsa, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun turli maqsadlarda sayohat imkoniyatlarini oshiradi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA