Bir necha kun oldin Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Falastinni davlat sifatida tan olishi haqidagi qarori dunyo siyosatchilarining munozaralariga sabab bo‘lgan edi. Bu bayonoti bilan Makron go‘yoki siyosat maydonida o‘z mavqeini ko‘tarmoqchi, falastinliklar uchun esa bu muhim emas, deguvchilar ham bo‘ldi. Endi esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning xuddi shunday bayonoti yangradi. Uning ta’kidlashicha, Isroil G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishi, G‘arbiy Sohilni anneksiya qilmasligi va ikki davlatli yechimga intilishini aniq bayon qilishi shart. Aks holda, Birlashgan Qirollik Isroil bo‘yicha o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqishga tayyor.
Starmer Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni bir tomonlama yechimga emas, balki ikki davlatli, barqaror va insoniy manfaatlarni hisobga olgan yo‘lni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Shu bilan birga, rasmiy London XAMASni garovga olinganlarni zudlik bilan qaytarishga va qurollarni tashlashga chaqirdi. Bu chaqiriq xalqaro hamjamiyatning G‘azodagi gumanitar fojiaga qarata bosimi kuchaygan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra,so‘nggi oylarda G‘azo sektorida bolalar orasida to‘yib ovqatlanmaslik holatlari ortib, ocharchilik xavfi jiddiylashgan. Xalqaro kuzatuvchilar Isroilni ochlikni bosim vositasi sifatida qo‘llayotganlikda ayblamoqda. Isroil esa bu iddaolarni rad etib, gumanitar yordamni XAMAS tortib olyapti, degan da’voni ilgari surmoqda. Shu bilan birga, Isroil armiyasi ba’zi paytlarda yordam yuklarini uzatish uchun jangni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘layotganini ham tan olgan.
Kir Starmerning siyosiy signali Yevropada, ayniqsa, Fransiyada ijobiy qarshi olindi. Parij ham mintaqada uzoq kutilgan tinchlik sari tashlangan bu qadamni qo‘llab-quvvatlab, yaqin kelajakda Falastin davlatini tan olish niyatini bildirdi.
Britaniya Bosh vazirining Falastin davlatini tan olish borasidagi pozitsiyasi nafaqat geosiyosiy voqelik, balki insoniylikning ham ifodasi bo‘lmoqda. Sentyabr oyi xalqaro siyosat sahnasida o‘chmas iz qoldirishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UlLo8fSa4jY" title="Buyuk Britaniya Falastinni tan olishga tayyor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA