Xalq ta’limi vazirligi va Buyuk Britaniyaning Maxsus ta’lim ehtiyojlari milliy assotsiatsiyasi (NASEN) vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaradan ko‘zlangan maqsad ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish orqali O‘zbekiston xalq ta’limi sohasida NASEN salohiyatini jalb qilish va targ‘ib qilishdan iborat.
Muzokarada Xalq ta’limi vazirligi departament direktori Laziz Xo‘jaqulov va vazirlik bosh mutaxassisi Shuhrat Umarov, Britaniya tomonidan esa NASEN bosh amaliyot direktori Amrit Singx, Xalqaro taraqqiyot departamenti direktori Kamol Bodxankerlar ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, imkoniyati cheklangan bolalarni oddiy maktablarga integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning o‘zaro maqbul formatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar qator amaliy loyihalar, jumladan, umumta’lim maktablarida inklyuzivlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasini ishlab chiqish, o‘qituvchilarni NASEN qo‘llanmalari va yo‘riqnomalari bilan ta’minlashga kelishdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 1992 yilda tashkil etilgan Maxsus ta’lim ehtiyojlari milliy assotsiatsiyasi alohida ehtiyojli shaxslarni o‘qitish va rivojlantirish, Buyuk Britaniya va xorijiy mamlakatlarda ushbu sohadagi davlat siyosatini ishlab chiqish, shuningdek, o‘quv dasturlarini yaratishga ixtisoslashgan yetakchi tashkilot.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA