Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk bobomizga ehtirom
14:46 / 2022-02-14

Andijonda o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hakorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ulug‘ shoirga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. 

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshidabonu Qo‘chqorova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Minhojiddin Hojimatov, yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Kamchibek Kenja va boshqalar so‘z oldi. Unda buyuk bobokalonlarimiz Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab allomalar tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatining yuksatirishdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim ekanligi ta’kidlandi. Xususan, Bobur hayoti va ijodi, o‘lmas asarlari, boburiylarning Hindiston taraqqiyotidagi o‘rni va roli alohida qayd etildi.

[gallery-5750]

– Zahiriddin Muhammad Boburning serqirra ijodi juda katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega,  – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, shoir Minhojiddin Hojimatov. – Ayniqsa, uning shoh sifatida amalga oshirgan bunyodkorlik, ilm-ma’rifat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, shoir, ijodkor sifatida butun dunyoga ma’lum va mashhurligi har bir yurtdoshimiz qalbini faxrga to‘ldiradi. Ulug‘ bobomizning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida ko‘p ma’lumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbaalarini o‘rganishimizda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi. 

Tadbirda Afg‘oniston, Turkiya davlatlaridan kelgan boburshunos olimlar ham ishtirok etib, Bobur hayoti va ijodi, uning ijodiy merosini o‘rganish  haqida fikr bildirdi.

– Bobur va boburiylar sulolasi  qaysi yurtni bosib olmasin, o‘sha yurt xalqining dini, urf-odat va an’analariga hurmat bilan qaragan, – deydi afg‘onistonlik boburshunos olima, professor Shafiqa Yorqin. – Shu bois ham nafaqat Afg‘onistonda, balki Boburiylar saltanati tarkibiga kirgan barcha mamlakatlarda Bobur oqil, dono va adolatli podsho sifatida hurmat qozongan. Umuman, boburshunoslar oldida shoh Boburning ana shu jihatlarini yanada chuqur o‘rganish, keng jamoatchilikka yetkazish borasida tadqiqotlar olib borish vazifasi turibdi. 

Tadbirda san’atkorlar tomonidan Bobur hayotiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.  Muhammad  Yusuf ijod maktabi o‘quvchilari  Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondida ushbu sana munosabati bilan ko‘plab davlatlar boburshunos olimlari ishtirokida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi.

Z.M.Bobur tavalludiga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar viloyatdagi mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida davom etmoqda.

 

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA