Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk bobolarimizga avlodlar ehtiromi
20:30 / 2026-02-13

Rus tilida o‘qitiladigan Namangan shahridagi 6-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi viloyatdagi namunali ilm maskanlaridan hisoblanadi. 814 o‘quvchining ta’lim-tarbiyasiga 41 pedagog mas’ul bo‘lgan ushbu bilimgohda ona tili (o‘zbek tili) va adabiyoti fanini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.

Maktabda jami besh nafar til o‘qituvchisi ish yuritib, ular oliy va birinchi toifali malakaga ega. Har bir muallima haftasiga 30 soatdan ona tili va adabiyoti fanidan dars berishadi. E’tirof etish joiz, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Munojat Yo‘ldosheva faoliyatidagi yutuqlari natijasida 1 ming 300 AQSH dollariga teng miqdorda maosh olmoqda.

Quvonarlisi shundaki, o‘tgan o‘quv yilida ikki nafar o‘quvchi o‘zbek tili fani bo‘yicha fan olimpiadasining viloyat bosqichida qatnashdi. Xususan, 9 - “a” sinf o‘quvchisi Adhamjon Sharipov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Ta’lim dargohida uzoq yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, faoliyati butun viloyat miqyosida ommalashtirishga arziydigan muallimlar bor. Oliy toifali pedagog Hilola Norbo‘tayeva 37 yildan buyon yosh avlodni tilimizni ardoqlashga undab kelmoqda.

Fevral oyida e’lon qilingan “Ma’naviyat va ma’rifat” hamda “Ona tili va adabiyoti fani” oyliklari doirasida buyuk mutafakkirlarimiz – she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ochiq darsda 9 - “d” sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.

[gallery-27652]

Amaliy mashg‘ulot davomida o‘quvchilar hazrat Navoiy va Bobur bobolarimizning hayoti va ijodi, ularning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan beqiyos hissalari xususida ma’lumotlar berdi. She’r, g‘azal, ruboiylarni ifodali bayon qilish, sahna ko‘rinishi hamda ijodiy chiqishlar orqali mavzu to‘laqonli aks ettirildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, so‘z mulkining sultoni, turkiyzabon millatlarning ulug‘ allomasi Alisher Navoiy hamda umrining oxirigacha Vatan mehri-yu sog‘inchi bilan yashab ijod qilgan sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburdek buyuk ikki shaxsning bebaho ijodiy-ilmiy merosi jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi.

Ochiq darsda keltirilganidek, Navoiy asarlarida xalqni rozi qilish alohida tilga olingan:

Odamiy ersang demagil odami,  

Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Bu bayt  shunchaki yozib qo‘yilmagan – butun vujudi, tafakkuri, hayoti va ijodini xalqqa bag‘ishlagan bu buyuk inson shu shiorni o‘z hayoti va faoliyatining mohiyati deb bilgan va boshqalarga ham targ‘ib qilgan.

Bunday purma’no satrlar tom ma’noda O‘zbekistonning bugungi hayotida ham hamohanglik kasb etmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda elni rozi qilish yo‘lida jon kuydirayotgan zamondoshlarimiz uchun buyuk mutafakkir so‘zlari dasturilamaldir.

Sermazmun kechgan ochiq dars iqtidorli o‘g‘il-qizlarga ijodiy ilhom baxsh etdi.  

– Fevral oyini biz intiqlik bilan kutamiz, boisi ulug‘ allomalarimiz Navoiy va Bobur bobolarimiz tavallud topgan bu oyda maktabimizda katta ma’naviy bayram va adabiyot tantanasi bo‘ladi, – deydi iste’dodli o‘quvchi Mohinur Homidova. – Bir muhim haqiqat borki, biz yoshlar Navoiysi bor millat vakillari sifatida ma’nan qudratli, ruhan yetuk bo‘lishimiz kerak. Zero, butun dunyo bizga buyuk mutafakkirlarning avlodlari sifatida yuksak ehtirom, cheksiz hurmat bilan qaraydi.  

Darhaqiqat, mana olti asrdirki turkiy xalqlar ma’naviyatining timsoli Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hanuz yo‘lchi yulduzdek umuminsoniy fazilatlar, axloq, komil shaxs haqidagi ezgu g‘oyalari bilan bizga yo‘l ko‘rsatib kelmoqda.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA