Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. Ushbu yo‘nalishda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida o‘lkamizdagi diqqatga sazovor joylar, ulug‘ qadamjolarga nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarning ham tashrifi oshmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida ham ziyorat turizmini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat mavjud.
Kasbi tumani 1970 yil 16 oktyabrda tashkil topgan bo‘lib, “kasbi” so‘zi kosiblar, hunarmandlar yashaydigan joy degan ma’noni anglatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 8 nafar ulug‘ avliyo xoki yotgan ziyoratgoh, 3 ta sardoba mavjud. Hazrat Sulton Mir Haydar ansambli, Xo‘ja Murodbaxsh ota, Ibrohim ota maqbarasi, Muhammad Sadr Islom qadamjosi, Nazar bobo avlyosi, Fazli qabristonidagi sag‘ana. Sayido Nasafiy sag‘anasi. Nomozgoh masjidi shular jumlasidandir.
Ularning ichida Kasbi qishlog‘ida joylashgan Hazrat Sulton Mir Haydar ansambli eng yirigidir.
Ushbu qadamjodan yil davomida ziyoratchilar qadami arimaydi.
Sulton Mirhaydar ota (to‘liq ismlari: Amir Shamsiddin Mir Haydar Ali Hoja Haydar Xurosoniy) – Yassaviya maktabining yirik vakillaridan biri, Hakim ota va Zangi otaning mashhur shogirdi. 1275 yilda Xurosonda, Sho‘rdaryo bo‘yidagi Qoyim (Qayin) shahrida tug‘ilgan. Hoja Shamsiddin Misr shahrida tahsil olib, “faqih olim” degan darajaga yetishgan. Faqih, ya’ni fiqh ilmida dono bo‘lgan, Qur’onni mukammal bilgan. Arabiy, forsiy, yahudiy, turkiy tillarda so‘zlashish, o‘qish va yozishni bilgan. O‘n to‘rt yoshida Makka va Madinaga imom hamda ikki Haram toliblariga ustoz bo‘lgan. Sulton Mirhaydar ota yigirma ikki yoshida Istambul madrasasi toliblari iltimosiga binoan fiqh ilmiga doir kitob bitgan. Hoja Shamsiddin Kasbiga 31 yoshida, ya’ni 1301 yil atrofida kelgan va bu yerda o‘z maktabini yaratgan. Sulton Mirhaydar ota 92 yoshga kirib, 1366 yilda vafot etgan va Kasbida dafn etilgan.
[gallery-14961]
Aytish joizki, Sulton Mirhaydar ota ziyoratgohi istiqlol yillarida tobora fayziyob go‘shaga aylandi. Bugungi kunda bu tabarruk maskanga nainki Markaziy Osiyo, balki butun musulmon dunyosi mamlakatlaridan ziyoratchilar to‘xtovsiz kelib turibdi. Majmua atrofi obodonlashtirilib, tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.
– Sulton Mirhaydar otani ziyorat qilish uchun Kitob tumanidan keldik, – deydi Jasur Quvvatov. – Bu insonning ulug‘ avliyolardan biri ekanini ko‘p eshitganman va ma’lumotlardan o‘qiganman. Bu yerda ziyoratchilarning ko‘pligi ham buning isboti. Ziyoratchilar uchun ham qulay sharoitlar yaratilgani tahsinga loyiq. Mana shunday tarixiy obidalarni ziyorat qilishni o‘zimizga maqsad qilganmiz. Bu ishni viloyatimizdan boshladik. Shu kunga qadar viloyatimizdagi 20 ga yaqin qadamjoni oilaviy ziyorat qilib chiqdik. Keyin qo‘shni viloyatlarga o‘tamiz.
Ta’kidlash lozimki, viloyatdagi mavjud ziyorat turizmi imkoniyatidan yanada unumli foydalanish, ziyorat turizmi yo‘nalishi, milliy qadriyatlar va hunarmandchiligimizni keng targ‘ib etish va tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida kuni kecha tumandagi “Sulton Mir haydar ota” ziyoratgohida viloyat turizm boshqarmasi va tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ziyorat turizmi yarmarkasi va kulolchilik festivali ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, folklor guruhlarning chiqishlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi bilan hamkorlikda milliy qadriyatlar va milliy taomlar ko‘rgazmasi hamda ziyorat turizmi haqida ilmiy-amaliy seminar barchada katta taassurot qoldirdi.
– Festivalda qo‘li gul, pazanda xotin-qizlarimiz tomonidan tayyorlangan milliy taomlar ko‘rgazmasi barcha mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi rahbari Zulayho Xudoyqulova. – Yupqa, qatlama, g‘ilmindi kabi taomlar nafaqat o‘zining mazasi bilan, balki quvvatliligi bilan ham ajralib turadi. To‘g‘ri, bugun ushbu taomlar ko‘pchilik xonadonlarda tayyorlanmaydi. Uy bekalari tashvishdan qochishadi, ammo momolarimiz ularni tayyorlashdan hech erinishmagan. Maqsadimiz milliy taomlarimizni tayyorlashni nafaqat yosh avlodga o‘rgatish, balki mana shunday festivallarda milliy taomlar ko‘rgazmasini tashkil etish orqali gastroturizmni ham rivojlantirishdir.
Tashkil etilgan tadbirlar mahalliy aholi vakillari va sayohatchilarda iliq taassurot qoldirib, ularga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari