O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, yetuk olimlar va mutasaddilar ishtirokida buyuk allomalarning yagona siymosini yaratish, qabul qilish hamda tarixiy filmlar ishlab chiqarishda ulardan foydalanishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir avvalida 100 nafar buyuk allomaning siymosini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti, istiqboldagi vazifalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov Prezident tashabbusi bilan gavdalantirilayotgan 100 nafar buyuk alloma siymosini yaratishning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk allomalarimizning yagona milliy siymosini gavdalantirishda sizlarning ko‘magingiz biz uchun muhim, — deydi Firdavs Abduxoliqov. – Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan muhim loyihalardan yana biri bugungi kungacha yagona siymosi mavjud bo‘lmagan 100 nafar allomalarimizning yagona milliy qiyofasini yaratish. Bu borada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlari va san’atshunos olimlar bilan hamkorlikda qator ishlar olib borilmoqda. Buyuk ajdodlarimizning yagona milliy siymosi to‘liq shakllantirilib, filmlarimizga, xalqaro hamda mahalliy platformalarga tatbiq va taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Ayrim jabhalarda shu paytgacha yaratilgan ko‘pchilik allomalarimizning yuz qiyofalari bir-biriga o‘xshab ketishini kuzatish mumkin. Ularni gavdalantirishda juda ehtiyot bo‘lishimiz zarur, deb o‘ylayman.

Badiiy akademiya akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori Kamola Akilovaning ta’kidlashicha, aksar ajdodlarning siymosi haqida aniq ma’lumot mavjud bo‘lmagani bois rassomlarga tarixchi olimlarning yordami nihoyatda zarurdir.
– Bizning missiyamiz — o‘zbek xalqiga, o‘zbek madaniyatiga qahramon shaxslarni gavdalantirib berish, – dedi san’atshunos olima K.Akilova. – Bu juda ham kerakli jarayon. Har bir siymoni gavdalantirishda sharqshunos, san’atshunos va tarixchi olimlar bilan birgalikda ishlarni tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi tadqiqotlarni rag‘batlantirib kelayotgani quvonarli holdir. Bu g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Tirik tarix" turkum filmlarini aynan ushbu milliy qiyofalar asosida yaratish taklifi kiritildi. Bu filmlar orqali buyuk allomalarning yagona siymosi xalq tasavvurida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanning o‘ziga xos jihatlaridan biri, buyuk allomalarning tasdiqlangan siymolarini sun’iy intellekt yordamida jonlantirishga qaratilgan innovatsion taklif va amaliy ishlar taqdimoti bo‘ldi. 3D vizualizatsiya texnologiyalari yordamida allomalar bilan interaktiv muloqot qilish imkoniyatlari namoyish etildi. Bu esa kelajakda yoshlar uchun noyob ma’rifiy vosita yaratilayotganini ko‘rsatdi.
N.Usmonova, O‘zA