French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk allomalarimiz merosi tuganmas ma’naviy xazina
06:50 / 2025-12-13

Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori o‘tmishda yashagan buyuk allomalarimiz asarlarini jahonga keng targ‘ib qilishga, o‘g‘il-qizlarimizning ma’naviy-ruhiy olamini boyitib, ular qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va azaliy qadriyatlarga hurmat hissini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi faqat ulug‘ alloma Imom Termiziy hayoti va ijodini, asarlarini o‘rganibgina qolmay, qadimda Surxondaryo vohasida yashab, islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgan termiziylarni yanada chuqur tadqiq etish imkoniyatini kengaytirgani bilan e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda ijtimoiy muhitni mustahkamlab, diniy ma’rifatni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar sohada malaka va ilm masalasiga alohida ahamiyat qaratishni taqozo etdi. Bu jarayonda Surxondaryo viloyatida ham Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, termiziy allomalarning boy merosini chuqur ilmiy tadqiq etish boshlandi. Imom Termiziy nomidagi islom instituti, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Kibermakonda xavf-xatar kuchayib, internet tarmog‘i orqali radikal g‘oyalar tarqalayotgan bizning davrimizda diniy ma’rifatni rivojlantirish yo‘lida yuz bergan bu o‘zgarishlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning islom dinining asl mohiyatini teran anglab olishida muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Yosh avlodni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan saqlashga chegara bilmas internet tarmog‘i orqali radikal g‘oyalar tarqalayotgan hozirgi davrda yosh avlodni bu illat ta’siridan saqlashga qulay muhit yaratdi.

Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasi jamoasi ham bu jarayonda faol ishtirok etib, viloyatda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari sifati va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Jumladan, ta’lim muassasamiz viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti va Surxondaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi hamkorligida turli yo‘nalishlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib, aholi, talabalar, uyushmagan yoshlar va o‘quvchilarni qamrab olayotir.

Yilning o‘tgan davrida ta’lim muassasalari, mahalla va boshqa joylarda o‘tkazilgan uchrashuv, davra suhbati singari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda “Xususiy tartibda diniy ta’lim berishning huquqiy oqibatlari: nazariy asoslari va amaliy jihatlari”, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar”, “Internet tarmoqlaridan foydalanish madaniyati”, “Mutaassiblik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan yoshlarni sog‘lom hayotga qaytarish”, “Ramazon uchun ruhiy va amaliy tayyorgarlik” kabi ko‘plab mavzular yuzasidan ochiq muloqotlar uyushtirildi. “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. 

Islom tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk allomalarimizning falsafiy-diniy merosi tuganmas ma’naviy xazina bo‘lib, xalqimiz va farzandlarimiz ongu-shuuriga singdirish, asl mazmuni bilan yaqindan tanishtirish ularning botil g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlanish ko‘nikmasini oshirmoqda. Misol uchun, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishda buyuk termiziylar va Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ allomalarimizning boy ma’naviy merosidan foydalanilayotgani bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ishtirokchilar dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob fazilatlaridan faxr-iftixor hissini tuymoqda. Xususan, viloyatda birgina “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” mavzularida o‘tkazilgan 80 dan ortiq targ‘ibot tadbirimizda uch mingga yaqin tinglovchi qatnashib, diniy-ma’rifiy tasavvurlarini boyitdi. Ularning islom dini asoslari va ma’no-mohiyatini teran anglashiga turtki bo‘ldi. 

Bu ishlarning barchasi yangi O‘zbekistonda “Inson qadri”, degan ezgu g‘oya asosida millatlararo ahillik, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy totuvlikni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Imomiddin Boboqulov,
Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.
O‘zA