Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk allomaga avlodlar ehtiromi
19:50 / 2024-10-24

24-oktyabr–Ahmad al-Fargʻoniy haykal majmuasi ochilgan kun

O‘tmishda yashab ijod qilgan ulug‘ bobokalonlarimizning ibratli hayoti, serqirra faoliyati, ilm-fan rivoji yo‘lidagi olamshumul ishlari bugun ham jahon ahlini hayratga solib kelmoqda.

Ular olib borgan ilmiy izlanishlarda inson ruhiyatining ma’naviy yuksaklikka intilishi, tinchlik-farovonlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik, yaratuvchanlik, yurt obodligi kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. 

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 1998 yilda Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Ulug‘ ajdodimizga ehtirom sifatida allomaning salobatli haykali o‘rnatildi, Farg‘ona shahrida ul zotga bag‘ishlangan muhtasham majmua qad rostladi. Mazkur majmua bugungi kunda nafaqat hamyurtlarimiz, yoshlarimiz, balki dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilar uchun ham tabarruk maskanlardan biriga aylangan.

– Xalqimiz shuhratini dunyoga taratgan buyuk ajdodlarimiz bizning faxr-iftixorimizdir, – deydi Farg‘ona davlat universiteti professori Sidiqjon Mo‘minov. –Ayni paytda ularning boy ma’naviy merosini o‘rganish, targ‘ib etish va undan samarali foydalanish har birimiz, ayniqsa, yoshlar uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ahmad Farg‘oniy merosi ham bizning buyuk ma’naviy xazinamizdir. Ulug‘ bobokalonimizning boy ilmiy merosini o‘rganish, uni keng omma va yosh avlodga yetkazish asosiy vazifalarimizdan biridir. Shu maqsadda bobokalonimiz merosining jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni va ahamiyatiga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

[gallery-19968]

Qomusiy olim Ahmad Farg‘oniy muborak zaminimizdan yetishib chiqqan, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalardan. 

Buyuk astronom, matematik va geograf Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniy 797-865 yillarda yashab ijod qilgan. U Farg‘onada tavallud topgan. Yevropada Al-Fraganus nomi bilan shuhrat qozongan. Olim astronomiya, matematika va geografiya fanlari bilan mukammal shug‘ullangan. Qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirgan. U Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va o‘rnini aniqlash, yangicha zij (astronomik jadval) yaratish ishlariga rahbarlik qilgan hamda 832-833 yillarda Suriya shimolidagi Sinjor dashtida Tadmur va ar-Raqqa oralig‘ida yer meridiani bir darajasining uzunligini aniqlashda qatnashgan.

Bizning davrimizgacha Ahmad Farg‘oniyning sakkizta asari yetib kelgan. Alloma tomonidan IX asrda yaratilgan “Astronomiya asoslari” fundamental asarida olamning tuzilishi, Yerning o‘lchovi haqidagi dastlabki ma’lumotlar, sayyoramizning sharsimon ko‘rinishga ega ekani xususidagi dalillar mavjud bo‘lib, mazkur kitob XVII asrga qadar Yevropa universitetlarida astronomiya bo‘yicha asosiy darslik sifatida o‘qitib kelingan hamda Buyuk geografik kashfiyotlar davrida Kolumb, Magellan va boshqa sayohatchilarning kashfiyotlari uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan. Ahmad Farg‘oniyning amaliy yutuqlaridan biri uning o‘rta asrlardagi asosiy astronomik asbob – usturlob nazariyasini ishlab chiqqani va shuningdek, Nil daryosida “nilomer” degan, ko‘p asrlar davomida suv sathini o‘lchaydigan asosiy vosita sifatida xizmat qilib kelgan mashhur inshootni yaratgani bo‘ldi.

Buyuk alloma asarlarini o‘rganish, yoshlarga keng tushuntirish borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda. Alloma nomi bilan ataluvchi viloyat axborot-kutubxona markazida an’anaviy ravishda ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar o‘tkazilayotir. Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti va boshqa oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablarida ham Ahmad Farg‘oniy merosi keng o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yilda qabul qilingan Ahmad Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori asosida allomaning hayoti, faoliyati, ilmiy merosini o‘rganish bilan birga, u tug‘ilib o‘sgan Quva shahri ilmiy jihatdan tadqiq etildi. Bu yerda olib borilgan keng ko‘lamli arxeologik izlanishlar shaharning qadimgi davrdan boshlab rivojlanish bosqichlarini kuzatish imkonini berdi. Quva shahristonining janubiy devori ostidan, yer sathidan 8,20 metr chuqurlikda aniqlangan kulolchilik buyumlari miloddan avvalgi IV-III asrlarda bu joyda aholi yashash punkti bo‘lganligini ko‘rsatdi. Tadqiqotlar davomida shaharning keyingi rivojlanishi, uning topografik ko‘rinishi, aholi turar joylari, ibodatxonalar, mudofaa devorlari, alloma yashagan davrdagi holati haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plandi.

Quva shahri bir necha dahaga bo‘linib, ularda hunarmandchilik rivojlangan. Sharqiy tomonda shisha ishlab chiqaruvchi, g‘arb tomonda ko‘za yasovchi ustaxonalar qoldiqlari topildi. Ahmad Farg‘oniy davrida shahar 700 kvadrat metr maydonni egallagani aniqlandi.

Tadqiqotlar Quva shahri yirik ishlab chiqarish, savdo-sotiq, madaniy va siyosiy markazlardan bo‘lganligini ko‘rsatdi. Bu shaharda ilm-fanning turli sohalari rivojlanishi, Ahmad Farg‘oniydek allomalar yetishib chiqishiga zamin yaratgan.

Prezidentimiz joriy yil Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Shahriston Kubosi” arxeologiya yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etish taklifini berdi. Albatta, bu tariximizni targ‘ib etish hamda allomalarimizning merosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish, ularning ilmiy izlanishlarini davom ettirish yo‘lida ishlar izchil olib borilmoqda.

Mas’ud Sulaymonov, O‘zA