Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk alloma haqida yangi kitob
00:27 / 2025-08-13

Ulug‘ allomalar haqidagi badiiy kitoblar o‘quvchilarda doim katta qiziqish uyg‘otgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi Ozod Mo‘’minning “Mo‘’jiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu kitob O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi homiyligida nashr etildi. Asar yurtimiz tarixida o‘tgan eng noyob insonlarning biri – Imom Buxoriyning butun hayotini – tug‘ilishidan to vafotiga qadar va uning Islom olamida Qur’ondan keyingi kitob hisoblanuvchi “Al-Jom’e as-Sahih”ning yozilishi, zamona allomalari tomonidan tan olinishi va butun islom olamiga tarqalishi voqealarini o‘z ichiga olgan.

Roman-esse Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va tarixchi olim, marhum Ubaydulla Uvatov taqdim qilgan ilmiy manbalar hamda boshqa tarixiy ma’lumotlar asosida bitilgan. Uning yozilishi jarayonida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik va Tarix institutlari xodimlarining maslahatlari ham inobatga olingan. Asarga ulug‘ ulamolarimizdan Shayx Abdulaziz Mansur ma’sul muharrirlik qilgan. Kitob Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning maxsus ruxsatnomasi bilan chop etildi.  

 – Keyingi yillarda mamlakatimizda ulug‘ alloma bobolarimiz hayotini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda, –  dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov. – Imom Buxoriy haqidagi ushbu kitob ham 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan kitobxonga buyuk alloma haqida qimmatli ma’lumot berishi bilan ahamiyatlidir. Bu kabi asarlar kelgusida filmlar yaratilishida muhim asos bo‘la oladi.

Asarda allomaning oilaviy kelib chiqishi, tug‘ilishi, ulg‘ayishi, o‘qishi va yosh paytidanoq hadislar dunyosiga qadam tashlashi hamda yigitlik davri qiziqishlari bayon etilgan. Shuningdek, ilk va keyingi ustozlari, shogirdlari hamda boshqa odamlar bilan munosabatlari, ilm yo‘lidagi zahmatlari, qiyinchiliklarni mardonavor yengishi ham ko‘rsatilgan. U o‘zidagi noyob qobiliyat – kuchli quvvai hofizasi tufayli eslab qolgan 600 mingdan oshiq hadislar ichidan eng sahihlarini tanlab, hozirga qadar butun Islom olami o‘rganadigan asarini bitish jarayoni “Mo‘’jiza inson  – Hazrat Imom Buxoriy”  nomli kitobda o‘ziga xos tarzda badiiy jonlantirilgan. Bulardan tashqari, umri so‘ngida, ilgari do‘st bo‘lib, keyin hasad tufayli dushmanlik yo‘liga o‘tgan ayrim ta’sirli ulamolarning yomonliklaridan chekkan jafolari, oilaviy hayoti jihatlari ham o‘quvchini hayajonlantiradi.

Asarda voqealar rivojlanishi va davom etishi mobaynida, o‘sha davr tarixiy jarayonlari va ulug‘ zotlari haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishish mumkin. Shuningdek, yangi roman-esseda, shu paytgacha aksar ilmiy ma’lumotlarda uchramagan, ammo keyingi yillarda olimlarimizning mashaqqatli mehnatlari oqibatida aniqlangan yangi ma’lumotlardan foydalanilgan. 

Umuman olganda, ushbu “Mo‘’jiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” kitobini nainki Vatanimizning har bir  vakili, balki boshqa yurtlar kishilari ham mutolaa qilsalar, shubhasiz,  zarur tarixiy bilimlarga ega bo‘ladilar va ulug‘ zotning hayoti bilan yaqindan tanishadilar.

Yozuvchi Ozod Mo‘minning tarixiy asarlarida Imom Moturidiy, Hazrat Sayid Amir Kulol, Xo‘ja Muhammad Parron, Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifoniy, Abulhasan Haraqoniy, Xoja Abduholiq G‘ijduvoniy, Hazrat Bahouddin Naqshband, Sohiqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Hazrat Imom Qaffol Shoshiy, Sulton Mahmud G‘aznaviy, Spitamen, Pahlavon Mahmud Puryorvaliy, Xoja Imkanagiy, Temuriy Jahongir Mirzo, Joboy avliyo kabi buyuk zotlar hayotlari va faoliyatlari tasvirlangan.

Ozod Mo‘’minning fantastik asarlari Rossiya, Ukraina va Qozoqistonda rus tilida, Hindiston va Pokiston nashrlarida ingliz tilida e’lon qilingan.

Taqdimot tadbirida yangi kitob haqida batafsil so‘z yuritildi.

N.Usmonova,O‘zA