Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk ajdodlarimizning munosib izdoshi
12:18 / 2016-09-20

Xorazmlik yosh matematik Hakimboy Egamberganov 2015-yili Bolgariyada talabalar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha o‘tgan 22-xalqaro olimpiadada kombinatorikaga oid masala yechimiga yangicha usulda yondashib, jahon ilmiy jamoatchiligini hayratda qoldirdi.

Xorazmlik yosh matematik Hakimboy Egamberganov 2015-yili Bolgariyada talabalar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha o‘tgan 22-xalqaro olimpiadada kombinatorikaga oid masala yechimiga yangicha usulda yondashib, jahon ilmiy jamoatchiligini hayratda qoldirdi.

Ko‘hna Xorazmda azaldan ilm-fan keng rivojlangan. Buyuk matematik, astronom va geograf, algebra fanining asoschisi Muhammad al-Xorazmiy ham shu o‘lkada tug‘ilib o‘sgan. O‘rta asrlarda faoliyat ko‘rsatgan Xorazm Ma’mun akademiyasi Sharq va G‘arb o‘lkalaridan kelgan, turli millatga mansub olimlarning ijod qilishi uchun qulay maskan hisoblangan.

Urganch shahrida Egam Rahim nomidagi mahallada bir xonadon bor. Mustaqillikka erishganimizga endigina besh yil to‘lganida ushbu xonadonda to‘ng‘ich farzand Hakimboy dunyoga keldi. Ota-onasi bolalik davrlaridan boshlab zukko, zehni o‘tkir farzandining ilm olishiga, o‘qishiga alohida e’tibor qaratdi.

Onasi matematika o‘qituvchisi bo‘lganligi sababmi, Hakimboy bu fanga alohida mehr qo‘ydi. U Shovot tumanidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘qib yurgan vaqtlari ustozi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Ahmad Sobirovdan matematika fani sirlarini puxta o‘rgandi.

– Inson kamolotida, erishgan har bir yutug‘ida ustoz-murabbiylarning xizmati beqiyos, – deydi Hakimboy. – Bolaligimdan Ahmad Sobirov singari o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, talabchan, jonkuyar ustozlar qo‘lida tahsil olganim mening eng katta omadim. Erishgan barcha yutuqlarim u kishi bergan ta’lim-tarbiyaning mevasi, deb bilaman.

Hakimboy Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda o‘qib yurgan vaqtlari birinchi marta 2014-yili X xalqaro olimpiadada ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu yili imtiyozli ravishda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.

Ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi, ustozlarining bergan ta’lim-tarbiyasi, qilingan tinimsiz mehnat o‘z mevasini berib, yutuqlar bir-biriga ulanaverdi.

2015-yil 2-avgustda Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha bo‘lib o‘tgan 22-xalqaro olimpiada Hakimboy Egamberganov xotirasida o‘chmas iz qoldirdi. Ellikdan ortiq mamlakatdan 330 iqtidorli talaba ishtirok etgan ushbu olimpiadada Hakimboy nufuzli hakamlar hay’atining yuqori bahosini olib, o‘zbek yoshlari nimalarga qodir ekanligini isbotladi.

Olti kun davom etgan mazkur olimpiadada har kuni beshtadan masala taqdim etildi. Masalalar algebra va sonlar nazariyasi, geometriya, matematik analiz, kompleks analiz va kombinatorika sohalaridan tuzilgan edi. Hakimboyning kombinatorikaga oid masalaga bergan yechimiga hakamlar dastlab nol ball qo‘yishdi. Barchasini to‘g‘ri yechganiga ishonch hosil qilgan Hakimboy ustozi bilan maslahatlashib, apellatsiyaga berdi. Apellatsiyada u masalani to‘g‘ri yechgani, yechimga shu vaqtga qadar fanda qo‘llanilmagan yangicha usulda yondashilgani isbotlandi. Tanlov natijalari e’lon qilinib, H.Egamberganov oltin medalga loyiq topildi.

– Har gal olimpiadalarda ishtirok etganimda, Birinchi Prezidentimizning biz, yoshlarga bildirgan ishonchi, qo‘llab-quvvatlashi meni ruhlantirib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishimda muhim omil bo‘lgan, – deydi H.Egamberganov. – Erishgan yutuqlarimning barchasi mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, universitetimizda ta’lim olish uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar, ustozimning mehnatlari samarasi, deb bilaman.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim tizimini takomillashtirish, uni jahon andozalari darajasiga olib chiqish, boy ma’naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish borasida olib borilgan ezgu ishlar samarasini bugungi kunda yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarda ko‘rish mumkin. Hakimboy singari ko‘plab yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishib, ilmiy kashfiyotlar qilib, o‘zlariga bildirilgan ishonch va e’tiborga munosib javob berayotir.

Hakimboy joriy yilning mart oyida Kiprning Protaras shahrida bo‘lib o‘tgan 10-xalqaro "Seemous – 2016" olimpiadasida ishtirok etib, oltin medal sohibi bo‘ldi.

– O‘g‘lim erishgan har bir yutuq menga cheksiz baxt va quvonch bag‘ishlaydi, – deydi Iroda Qutliyeva. – Farzandlarim orzularimni ro‘yobga chiqaryapti, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki men ham bolaligimdan matematika faniga ishtiyoqim baland edi. Yoshligimda turli olimpiada, musobaqalarda ishtirok etishni orzu qilardim. U paytlari o‘zbek yoshlari bugungidek xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda ishtirok etishi tugul, hatto respublika bosqichiga ham chiqishiga imkon yo‘q edi. Bugun o‘g‘lim singari ko‘plab o‘zbek farzandlari erishayotgan yutuq va g‘alabalarni huddi o‘zimniki singari qabul qilib, quvonaman.

H.Egamberganov ayni paytda ustozi – fizika-matematika fanlari doktori, akademik Azimboy Sa’dullaev bilan "Funksiyalar sinfida sig‘imlar" mavzuida ilmiy izlanish olib bormoqda. Bundan tashqari yosh matematik yurtimizda nashr etilayotgan “Fizika, Matematika, Informatika” hamda AQShning "Mathematical Reflections", "Geomtricorum", Gongkongning "Mathematical Excalibur", Rossiyaning "Journal of Classical Geometry", "Kvant" jurnallarida ham faol chiqishlar qilmoqda.

H.Egamberganovning ilm-fan yo‘lida qilgan mehnatlari munosib baholanmoqda. U O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-yillik bayrami arafasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoni bilan "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Hakimboy ta’limning magistratura bosqichini Germaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qishni rejalashtirgan. U buyuk bobomiz Muhammad al-Xorazmiy yo‘lidan borib, matematika sohasida o‘z maktabini yaratishni, bilim va salohiyati bilan yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishni niyat qilgan.