Buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlari munosabati bilan Qashqadaryo viloyatining Qamashi va Mirishkor tumanlarida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, Qamashi tumanidagi musiqa va san’at maktabida tuman ma’naviyat bo‘linmasi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, madaniyat bo‘limi, axborot-kutubxona markazi hamda 6-sonli musiqa va san’at maktabi hamkorligida o‘quvchi yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda buyuk ajdodlarimizning boy ijodiy merosi ulug‘lanib, Navoiy va Bobur g‘azallari asosida bastalangan kuy-qo‘shiqlar, g‘azal va ruboiylar san’at ixlosmandlari tomonidan mahorat bilan ijro etildi.


Shuningdek, Mirishkor tumani markazida joylashgan 3-sonli musiqa maktabida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimligi vakillari, ma’naviyat va ma’rifat tuman bo‘linmasi, madaniyat bo‘limi, nuroniylar kengashi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, xalq deputatlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


So‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy ijodining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni, uning asarlarida mujassam bo‘lgan vatanparvarlik, adolat va insonparvarlik g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidladi. Tadbir davomida musiqa maktablari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan adabiy-badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolarning ijodiy merosi bugungi avlod uchun chin ma’noda ma’naviy quvvat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri