Buxoroning sharifligi xususida so‘z borganda, eng avvalo bu yurt azaldan ilmu urfon go‘shasi, dunyo tamadduniga poydevor qo‘ygan buyuk allomalar, olimu fuzalolarga beshik bo‘lganligi tilga olinadi.
Biz haqli ravishda ana shunday muqaddas zamin farzandi va unda kamol topgan buyuk bobokalonlar avlodi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Biroq, bu sharaf ortida shunday mas’uliyat va burch borki birgina faxr tuyg‘usining o‘zi kamlik qiladi. Hech ikkilanmay ayta olamizki, bugun yoshlarimiz ana shu mas’uliyatni, burchni yurakdan his qilgan holda ilm olishga, buyuklarning avlodlari ekanliklarini namoyon etishga intilyapti. 2023-2024 o‘quv yilida buxorolik maktab o‘quvchilari o‘zining bilimi orqali nainki mamlakatimizda balki dunyoda qanday o‘rinlarga ega bo‘ldi. Mazkur savol bilan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonovga murojaat qildik.

–Birgina 2024 yilning o‘tgan davrida viloyat o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda jami 13 ta medalni qo‘lga kiritdi, – deydi Farrux Qurbonov. – Ushbu medal sohiblari bo‘lgan bilimdonlarning nomlarini alohida e’tirof etishni istardim. 2024 yil 25-30 mart kunlari Turkmaniston davlatida turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchisi Yusufjon Ortiqov oltin, shu maktab o‘quvchilari Farhod Ochilov va Murodjon Mamatov kumush, Anvar Rustamov, Buxoro shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Mirshod Muxammedov, Jondor tumanidagi 46-maktab o‘quvchisi Ulug‘xo‘ja Bafoyev hamda Olot tumanidagi 10-maktab o‘quvchisi Xushnudbek Durdiyevlar bronza medallarni qo‘lga kiritdi. 26-31 may kunlari o‘tkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika olimpiadasida esa Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari Muhammadali Rasulov, Nurbek Umarov hamda Vobkent tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Durbek O‘ktamovlar kumush medalga sazovor bo‘ldi. Buxoro shahrida o‘tkazilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi ham o‘quvchilarimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan mazkur olimpiadada dunyoning 18 ta mamlakati — Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Hindiston, Quvayt, Belarus, Qatar, Gruziya, Tailand, V'etnam, Xitoy, Turkiya davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat 105 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Ikki bosqichda kechgan mazkur olimpiadaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumiy hisobda 60 nafar ishtirokchi o‘quvchilar turli darajalardagi (10 ta oltin, 20 ta kumush, 30 ta bronza) medallar bilan taqdirlandi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar 12 ta (3 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza) medal bilan xalqaro olimpiadaning yakka peshqadamiga aylandi. Eng quvonarlisi, mamlakatimiz terma jamoasi qo‘lga kiritgan ushbu muvaffaqiyatda buxorolik o‘quvchilarning alohida o‘rni bor. Aytish joizki, bunday natijalar mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning nechog‘li samara berayotganidan, bu yurtda buyuk ajdodlarga munosib avlodlar ulg‘ayayotganidan dalolat beradi.

Insoniyat qanday yutuqlarni egallamasin, unga ilm orqali erishadi. Bilimdan qudratliroq kuch yo‘q. Inson qanchalik ko‘p bilsa, u shu qadar kuchlidir. Taraqqiyotning asosi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim-tarbiya hisoblanadi. Biz – pedagoglar bu yo‘lda bor imkoniyatlarimizni safarbar etishdan charchamaymiz.
O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.