Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi renessans poydevori” mavzusidagi forum ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi
20:52 / 2024-07-05

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan 3-4 iyul kunlari “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusida respublika olimlari forumi o‘tkazildi.

Anjumanda mamlakatimizdagi yetuk olimlar, fan arboblari, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, diniy soha vakillari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Forumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz tarixida madaniy-gumanitar yo‘nalishda birinchi marta amalga oshirilayotgan ulkan va noyob megaloyiha ekani, ushbu Markaz qisqa muddatda nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosidagi mashhur davlat va siyosat, din arboblari, taniqli olimlar, keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani va ular tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi.

Forum doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarlarda qatnashchilar buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish, ularning shonli an’analarini bugungi sharoitda izchil davom ettirish, shu asosda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish mamlakatimiz ilmiy va madaniy jamoatchiligi oldidagi ezgu va olijanob vazifa ekanini qayd etdilar. Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini samarali tashkil etish, jahon ilm-fani taraqqiyoti va sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq qilish kabi masalalar muhokama etilib, taqdimotlar tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Markaz oldida ulkan va mas’uliyatli vazifalar turganini ta’kidlab, ushbu ilmiy-ma’rifiy maskanni Yangi O‘zbekistonning eng yirik aql markaziga aylantirish bo‘yicha bor kuch va g‘ayratini ishga solishlarini bildirdilar.

Anjuman yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga forum ishtirokchilarining murojaati yo‘llandi.

Quyida mazkur murojaat matni berilmoqda.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusidagi respublika olimlari, yoshlar va jamoatchilik vakillari forumi ishtirokchilarining 

MUROJAATI

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Bugungi kunda Sizning rahbarligingizda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz hayotiga chuqur kirib borib, barcha soha va tarmoqlarda, har bir yurtdoshimiz hayotida aniq natijalar bermoqda. 

Sizning tashabbuslaringiz mahsuli bo‘lgan ko‘plab siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlar va yirik loyihalar jamiyatimiz manzarasini butunlay o‘zgartirib, milliy taraqqiyotimizga yangi, yanada kuchli shijoat bermoqda. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real haqiqatga aylanmoqda. Buni el-yurtimiz ham, xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etmoqda.

Yaqinda mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janobi oliylarining bugungi O‘zbekiston taraqqiyoti, uning Markaziy Osiyo mintaqasidagi birlashtiruvchilik roli haqida bildirgan haqqoniy fikrlari ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Yurtimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotgan noyob megaloyiha sifatida baholanayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish to‘g‘risidagi tashabbusingiz muqaddas dinimizning tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ulug‘lash, xalqimizning buyuk tarixi, boy madaniy-ma’rifiy merosini tiklash va dunyoga targ‘ib etish borasidagi doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligingizning yuksak amaliy namunasi sifatida, ayniqsa, tahsinga sazovordir. Zero, Markaz faoliyati hozirdanoq xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Qisqa muddatda azim poytaxtimiz Toshkentning qadimiy markazi – Hazrati Imom yodgorlik majmuasiga yaqin hududda Sohibqiron Amir Temur bobomiz va temuriylar davriga xos me’moriy uslubda, tashqi bezaklari va mahobatli xattotlik san’ati yozuvlari bilan ochiq kitob timsolida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladigan betakror obida – Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qad rostladi.

Siz ta’kidlab aytganingizdek, “boy va chuqur tariximiz, betakror ilmiy-madaniy merosimizni bir joyda mujassam etgan holda, keng ko‘lamda aks ettirish” vazifasi yuklangan Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etib, bu yo‘lda mamlakatimizning ilm va ma’rifat ahlini birlashtirib, ularning samarali faoliyati uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotganingiz uchun Sizga chin dildan samimiy tashakkurimizni izhor etamiz.

Bugungi tahlikali davrda, xususan, islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar avj olgan bir sharoitda, ushbu markaz har qanday yot g‘oyalarga qarshi ilmiy raddiyalar orqali javob beradigan yetakchi ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanadi. Shuningdek, bu yerdagi barcha muzey ekspozitsiyalarida aks etadigan ilmiy-tadqiqot ishlanmalari yoshlarni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek yuksak vazifaga yetaklab, buyuk ajdodlarimiz tarixi haqidagi to‘g‘ri fikrni shakllantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.

Siz belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan bir oy mobaynida “Islom sivilizatsiyasi markazi: kecha, bugun va kelajakda” shiori ostida Markaz faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi. Forumda bir qator yangi loyihalar, aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi, faoliyatimizni chuqurlashtirish va oldimizga qo‘yilgan yangi vazifalarni bajarishga qaratilgan yakuniy hujjat – “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish belgilab olindi.

Ishonchimiz komil, ushbu Markaz Yangi O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy ustunlaridan biri bo‘ladi va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdagi barcha sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirib boradigan yirik fundamental ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida xizmat qiladi.

Biz, Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ilm va ma’rifat, yangi g‘oyalar ishlab chiqadigan chinakam aql markaziga aylantirish yo‘lida Sizga yordamchi va ko‘makchi bo‘lib, chin dildan mehnat qilishga, o‘zimizning bor bilim va tajribamiz, iste’dodimizni shunday ulug‘ ishga bag‘ishlashga va’da beramiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan navbatdagi Kongressini Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 

Xalqimizning boy va bebaho madaniy-ma’rifiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib va tarannum etish bilan birga, Kongressda Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi, qo‘lyozmalar fondi va muzeyi faoliyatini zamon talablari asosida tashkil qilish bo‘yicha dunyo ekspertlarining fikrlarini olish imkoniyati yaratiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusida xalqimiz va, ayniqsa, yoshlarimizning ongu tafakkurini, qalbi va ruhini yuksaltirib, Uchinchi Renessans bunyodkori etib tarbiyalashga, Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos ma’naviy ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladigan betakror maskanga aylantirish bo‘yicha Sizning ko‘rsatmalaringiz asosida barcha maqsad va vazifalarni aniq belgilab olganimiz, hech shubhasiz, faoliyatimiz samarasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sizga, hurmatli Prezident, mustahkam sog‘liq, g‘oyat mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizga ulkan kuch-g‘ayrat va yangi yutuqlar tilab qolamiz.

Jonajon Vatanimizning shonu shuhrati, qudrati va salohiyati yanada ziyoda bo‘lsin!