Turkiyaning Anqara shahridagi xiyobonda ulug‘ qomusiy olim Ahmad al-Farg‘oniy byusti o‘rnatildi. Unda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi a’zolari ishtirok etishdi.
Ahmad al-Farg‘oniyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi dunyo olimlari tomonidan ham keng e’tirof etiladi. O‘zbekiston va xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – Turksoy sa’y-harakatlari tufayli amalga oshirilgan ushbu tadbir xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishi, noyob tariximiz va merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etadi, albatta.
Marosimda Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor Bahodir Shermuhammadov ham qatnashdi.
– Biz farg‘onaliklar buyuk astronom, matematik va geograf alloma Ahmad al-Farg‘oniydek ulug‘ yurtdoshimiz bilan faxrlanamiz. Bobokalonimizning haykali yurtimizda, Farg‘ona shahri va Quva tumanida ham salobat to‘kib, xalqimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. Bugun Anqarada olim byustining o‘rnatilishi esa turk dunyosining Ahmad al-Farg‘oniyga, shuningdek, turkiy xalqlar madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga bo‘lgan yuksak hurmatning amaliy ifodasi, deb bilaman, – deydi B.Shermuhammadov.
Oradan qancha asrlar o‘tmasin, Ahmad al-Farg‘oniy ilmiy izlanishlari va asarlari bilan jahon fan olamida katta iz qoldirgan, umumbashariy taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ olim sifatida yuksak qadr topib boraveradi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA