Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Chorbog‘ qishlog‘i shifobaxsh tuz g‘ori va go‘zal tabiat manzaralari bilan tanilgan.
Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi qishloqda 1 ming 950 dan ortiq aholi yashaydi. Yaqin yillargacha bu yerlik odamlarning aksariyati “Xo‘jaikon tuz” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratgan bo‘lsa, keyingi yillarda tibbiy va ekoturizmning rivojlanib borayotgani chorbog‘liklarning sayyohlik yo‘nalishida ham turli xizmatlar ko‘rsatishiga qiziqishini oshirayotir. Savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona kabi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar safi kengayib bormoqda.

–Hududimizda shifobaxsh tuz g‘oridan tashqari buyraksuv degan ikkita yerosti suvi ham bor,–deydi “Chorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ahmad To‘raboyev.–Azaldan bu suv buyrak-tosh kasalliklariga shifo bo‘lib kelgan. Keng adirlikda sizib chiqadigan suv toshlarni maydalab beozar tushirib yuborish xususiyatiga ega. Tuz g‘orida esa bronxial astma, xafaqon, surunkali branxit kabi kasalliklarga malham izlab keluvchilar soni yildan-yilga o‘sib bormoqda. Shuningdek, tuzkonga ketishda “Taqir choq ota” ziyoratgohi bor. Bu yerdagi zilol suv oshqozon-ichak kasalliklariga davo bo‘ladi. Undan iste’mol qilsangiz qorin dam bo‘lishidan tezda xalos etadi. Qishlog‘imiz aholisi qorni damlagan farzandlarini shu suvdan ichirib, tabiiy yo‘l bilan davolashga o‘rganib qolgan. Xushmanzara tabiatimiz ham sayyohlarga juda manzur bo‘lmoqda.
Endilikda sirli buyrak suvi bilan ham tanilayotgan tog‘ qishlog‘ida ziyorat, tibbiy va ekoturizmning rivojlanib borayotgani mahalliy aholida “Turizm mahallasi” maqomini olishga intilishni yanada oshirdi.

–Bu maqomni olishning tegishli talab va tartiblari bor,–deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi X. Xolniyozov.–Qishloq aholisiga “Turizm mahallasi” maqomini olishning tartib-taomillarini keng targ‘ib qilayapmiz. Bu maqomni olgandan so‘ng qishloq infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib boriladigan ishlarni ham tushuntirayapmiz. Shunga muvofiq hozirgacha to‘rtta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi. Yangi yilda yana 16 ta oilaviy mehmon uyi barpo etilib, belgilangan tartib bo‘yicha xonadonlarda sayyohlarga zarur qulayliklar yaratiladi.
Ayni paytda hududda ikkita zamonaviy xostel, ikkita davolash va sog‘lomlashtirish muassasasi, o‘ndan ortiq savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dorixonalar faoliyat yuritmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA