Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyrak yetishmovchiligi bilan xastalanganlar endi Yangiyerning o‘zida davolanadi
16:14 / 2022-04-13

Sirdaryo viloyatida nefrologiya, terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlar soni so‘nggi yillarda ko‘payib bormoqda.

Olimlarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, nefrologiya, terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligini qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi kabilar keltirib chiqaradi. Mazkur kasallikning oldini olish, kasallikka chalingan bemorlar sog‘ligini tiklash, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish maqsadida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida 10 o‘ringa mo‘ljallangan Nefrologiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur bo‘limni joriy ta’mirlash ishlariga 150 million so‘m, mebel va tibbiy jihozlash ishlariga 46 million so‘m, maishiy texnikalarga 25 million so‘m, yumshoq buyumlar uchun 10 million so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘i hamda byudjetdan tashqari mablag‘lar yo‘naltirildi. Mutaxassislar Respublika nefrologiya tibbiyot markazi hamda Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida malaka oshirib qaytdi. Endi ular shu turdagi kasallik bilan kasallangan, davolanishga muhtoj bo‘lgan Xovos, Boyovut, Sardoba tumanlari hamda Yangiyer va Shirin shahar aholisiga xizmat ko‘rsatadi.   

– Bu kasallik ko‘p hollarda mehnatga layoqatli, ijtimoiy faol insonlarda uchraydi, – deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi nefrologiya bo‘limi mudiri, nefrolog Rustam Toshtemirov. – U aksariyat paytda belgilari namoyon bo‘lmay yashirin ravishda kechadi. Ammo terminal buyrak yetishmovchiligi kelib chiqqanidan keyin kasallik nihoyatda xavfli tus oladi.   

Terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan xastalangan bemorlarni davolashda faqat ikki usul — muntazam gemodializ orqali davolash va buyrak transplantatsiyasi samara beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida yana bitta bo‘lim, gemodializ bo‘limi faoliyat boshlaydi. Bu esa bir vaqtning o‘zida 10 nafar, bir yil davomida 300 ming nafar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Ayni vaqtda jihozlash, keltirilgan tibbiy uskunalarlarni o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Bu esa surunkali buyrak kasaliga uchragan bemorlarning xastalikdan forig‘ bo‘lishiga xizmat qiladi.   


G‘ulom Primov,   
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.   
O‘zA