Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroyi sharif: ma’rifat va ma’naviyat manzili
18:30 / 2026-02-09

Buxoro — insoniyat tamaddunining shunday bir nuqtasiki, u yerda tarix va ma’naviyat bir butunlik kasb etadi. Bu qadimiy kent asrlar davomida islom ilm-fani va ma’rifatining nafaqat mintaqaviy, balki jahonshumul markazi bo‘lib keldi. Buxoroning “Sharif” maqomi bilan ulug‘lanishi shunchaki tarixiy atama emas, balki uning zamirida asrlar davomida sayqallangan ilmiy va ruhiy qudrat mujassam.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Bu joy ma’rifat markazi bo‘lishi, odamlar o‘ziga ilm olib ketishi kerak”, degan fikrlari zamirida shaharning ana shu tarixiy missiyasini bugungi kun nafasi bilan boyitish, uni yana dunyoning ilm mash’aliga aylantirishdek ulug‘vor maqsad yotibdi.

Tarixiy haqiqatlarga ko‘ra, Buxoroning muqaddas maqomi XIII asrdagi buyuk burilishlar, xususan, shayx Sayfiddin Boxarziyning ma’naviy jasorati bilan chambarchas bog‘liq. U zotning da’vati nafaqat oddiy insonlar, balki hukmdorlar qalbini ham imon nuri bilan yoritgani bois, Buxoro islom sivilizatsiyasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shahar ma’naviyatini Imom Buxoriyning sahih hadislari, Bahouddin Naqshbandning ruhiy ta’limoti va Ibn Sinoning olamshumul kashfiyotlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu zamin yetishtirgan yuzlab allomalarning har biri “Sharif” maqomini o‘z ilmi va taqvosi bilan mustahkamlab ketgan.

Bugun Buxoro yangicha chiroy ochmoqda. 2020 yilda shaharning “Islom madaniyati poytaxti” deb e’tirof etilishi uning jahon ma’naviy xaritasidagi o‘rni beqiyosligini yana bir bor isbotladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yetti pir” majmualarining obod etilishi, Buxorodagi qadimiy obidalarning asl holida saqlanishiga qaratilayotgan yuksak e’tibor — ajdodlar ruhiga bo‘lgan ehtirom va kelajak avlodga qoldirilayotgan eng katta merosdir.

Xulosa qilib aytganda, Buxoroyi sharif — bu nafaqat nom, balki ilm-fan, ma’rifat va yuksak odob bilan yo‘g‘rilgan buyuk ma’naviy ildizdir. Ushbu zamindagi har bir tosh, har bir obida tirik tarix bo‘lib, insoniyatni jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga chorlaydi. Shaharning “Sharif” maqomi biz uchun nafaqat faxr, balki zimmamizdagi ulkan mas’uliyatdir: Buxoroni hamisha ilm manbai, ezgulik maskani sifatida asrab-avaylash har birimizning farzandlik burchimizdir.

Dilorom G‘afforova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

 Shofirkon tuman bo‘linmasi raxbari