“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi.
Buxoro shahridagi 43-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda 13 ta maktab jamoasi ishtirok etdi. Test savollari va yozma ish topshiriqlari orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Jamoalarning xorijiy tillarni bilish bo‘yicha ko‘nikmalari esa 100 ballik tizim bo‘yicha baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabi jamoasi faxrli 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Jamoa tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Buxoro tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi jamoasi 2-o‘rinni, Qorovulbozor tumanidagi 1-umumta’lim maktabi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga 250 000 000 so‘m, 2-o‘rin sohibiga 200 000 000 so‘m, 3-o‘rinni egallagan jamoaga esa 150 000 000 so‘mlik vaucher va faxriy yorliqlar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri