Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroning mard o‘g‘loni yurtning, ota-onasining ishonchini oqladi
09:46 / 2024-08-11

“Quvonch ko‘z yoshlarini yashirma. Xalqning ishonchini oqlash, Prezidentimiz yaratib bergan sharoitlarga javoban yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritish ulkan baxt. Agar shunday qila olsang, yig‘la!”.

Chempionning onasi Parij safariga otlangan o‘g‘li Abdumalikka shunday so‘zlarni aytgandi.

Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan XXXIII yozgi olimpiada o‘yinlarida ko‘hna va boqiy Buxoroda tug‘ilib o‘sgan Abdumalik Xalokov boks bo‘yicha -57 kilogramm vazn toifasida g‘olib chiqib, birinchi bor olimpiada chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Abdumalik ushbu g‘alabasi bilan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga yettinchi oltin medalni olib berdi.

Finaloldi bahsda Xalokov avstraliyalik Charli Senorga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va oltin medal uchun jang qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Abdumalik Xalokovning musobaqa finalida qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Ulu bilan o‘tkazgan uchrashuvini ko‘hna va boqiy Buxoroning “Poyi Kalon” majmuasida o‘rnatilgan katta ekranda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligida keng jamoatchilik vakillari, Abdumalik Xalokovning ota-onasi, mahalladoshlari, yaqinlari  yuzlab boks muxlislari birga tomosha qildi. Buxoroning mard o‘g‘loni Abdumalikning g‘alabasini birgalikda nishonlashdi. Umuman, ushbu tarixiy g‘alabani butun O‘zbekiston ahli katta shodiyona bilan kutib oldi.  

Abdumalik Xalokov 2000 yil 9 aprel kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2018 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. “Buenos-Ayres-2018” o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni. Bokschimiz yoshlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempionatida ham g‘alaba qozongan. 2021 yil Serbiya poytaxtida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida -60 kg vazn toifasida kumush medalga sazovor bo‘lgan. 2021 yil Dubayda o‘tgan qit’a birinchiligida bronza, 2022 yil Amman shahrida tashkil etilgan Osiyo chempionatida esa oltin medalga ega chiqqan. 2023 yil Toshkent mezbonlik qilgan dunyo birinchiligida -57 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2023 yil mamlakatimizda yilning eng yaxshi erkak sportchisi deb topilgan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

“Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlarida -57 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritib, “Parij-2024” litsenziatlari safidan joy oldi.

–O‘g‘limning g‘alaba qozonishiga ishongandim, –deydi uning otasi. –U juda ham qattiq mehnat qildi. Unga davlat rahbari tomonidan yaratib berilgan sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Mening o‘g‘lim olimpiada chempioni, faxrlanmay bo‘ladimi?!  

[gallery-18676]

Abdumalik Xalokov boks bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi.

Bugun ko‘hna va boqiy Buxoroning har bir mahallasida, har bir xonadonida Abdumalik singari bokschi bo‘laman degan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Unga havas bilan boqadigan, “Mening ham farzandim Abdumalikdek olimpiada chempioni bo‘lsin” deb niyat qiladigan ota-onalar juda ham ko‘p. Bugun Buxoroning har bir mahallasida, har bir xonadonida shodiyona. Buxoroning mard o‘g‘loni Abdumalikka, butun buxoroliklarga oltin medal muborak bo‘lsin, deymiz.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat),

O‘zA muxbirlari