Buxoroda bugun o‘zgarishlar katta. Prezident tashrifi viloyat hayotiga yangi nafas, yangi ruh va baraka olib keldi. Aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish imkonini yaratuvchi yangidan yangi loyihalarga yo‘l ochildi.
Viloyatda chorvachilik, ayniqsa, qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Teri yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorda sotish borasida muayyan chora-tadbirlar qo‘llanmoqda. Bu ishlar o‘tgan asrning 80- yillarida ham bo‘lgan. Ammo o‘sha zamonlarda buxoroliklar o‘z mahsulotini nari borsa Moskvaga qadar ko‘tarib borgan. Quyoshda o‘zgacha tovlanib ko‘zni oladigan biri-biridan chiroyli qorako‘l terilar kazo-kazolarga hadya qilingan.

Qo‘y boqib, umrini cho‘ponlik bilan o‘tkazgan zahmatkash odamlar yetishtirgan mahsulotini qanchaga, qayerga sotilishi, uning ortidan kim ko‘proq naf topishini umuman bilmagan. Endi zamon o‘zgardi. Mehnatning rohatini ko‘radigan damlar keldi. Tekshiruvchi kelganda bir otar qo‘y orasidagi ikki-uch bosh qo‘zimni bilib qolmasin, deb qo‘rquvdan qaltiragan cho‘ponlar ham o‘tmishda qoldi. Ikki og‘iz maqtov, faxriy yorliq uchun ishlaydigan chorvadorlar ham endi yo‘q.
Bugun cho‘pon ham, uning faoliyatiga ko‘makdosh xo‘jalik ham mulkning haqiqiy egasi hisoblanadi. Ular qancha chorvasi borligini, yaylovning qaysi burchagida giyoh unishi yoki unmasligini yaxshi biladi. Yaylovni asrash uchun nima qilish kerak, davlatga qancha soliq to‘lashi, nima qilsa daromadi yanada oshishi, olimlarning maslahat va tavsiyasi nechog‘lik samara berishini yaxshi tushunadigan haqiqiy tadbirkor u desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

To‘g‘risini aytganda, cho‘ponlar bugun ming qo‘yli boydan kam emas. O‘tgan yili kuz oyida buxorolik oqsoqollar 2024 yil baliq yili, suv ko‘p bo‘ladi, dala-dasht yashnaydi, buloqlar qaynaydi deyishgan edi. Shunday bo‘ldi ham. Yaylovlar o‘t-o‘langa burkandi.
Buxoroda qorako‘lchilik haddisini olgan mirishkorlar ko‘p. Ne’mat Mamatrizayev shulardan biridir. U bu yo‘nalishda klaster tashkil etib yaylovlarni tiklash, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ko‘paytirish, sohada qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.

– Eng muhim vazifa tannarxni kamaytirgan holda yuqori sifatli mahsulot yetishtirishga erishishdir, – deydi Buxoro qorako‘l uyushmasi raisi Ne’mat Mamatrizayev. – Oziqlantirish shu darajaga yetishi lozimki, jonivor oshqozonida ozuqa to‘liq qayta ishlanishi, quvvatga aylanib organizmni kuchaytirishi kerak. Chorvaning ko‘payishi, nasldorlikning yuzaga chiqishi, sifatli mahsulot tayyorlash, degani ayni shu jihatlarga bog‘liq. Uyushma tarkibidagi qorako‘lchilik xo‘jaliklarida ham qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlashga kirishilgan. Muhimi odamlar cho‘l bag‘rida o‘zlari uchun xuddi shahardagidek qulay sharoit yaratib olishga odatlanyapti.

Yilning seryog‘in kelgani, yaylovlarda ming turli giyohlar unib chorva ozuqasi ko‘paygani Buxoro qorako‘l uyushmasiga qarashli “Ko‘kcha” qorako‘lchilik-naslchilik xo‘jaligi jamoasini ham yillik rejalarni qayta tuzishga undadi. Otarlarda qo‘ylarning junini olish, kanalarga qarshi cho‘miltirish ishlari yakuniga yetkazildi. Mutaxassislar har bir otarda bo‘lib bonitirovka ishlarini yakuniga yetkazishdi va shu tariqa chorva mahsuldorligi borasidagi ko‘rsatkichlar yangilandi.
Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur xo‘jalik ixtiyorida 254 ming 398 gektardan ortiq yaylovlar mavjud, chorva bosh soni 13 ming 500 boshdan oshdi. Ko‘klam yakuni bilan 8 ming 915 bosh sovliq 100 foiz bolaladi. 6085 bosh qo‘zilar o‘stirishga qoldirildi.

Xo‘jalik rahbari Olim Nazarovni ishxonasida uchratdik. Uning otasi uzoq yillar shu jamoaga bosh bo‘lgan. O‘zining tantiligi, ishbilarmonligi bilan odamlarning mehrini qozongan. Odamlar hozir ham Nazarov deyishsa Olimboyning otasimi, yo o‘zimi, ikkovining ham otasiga rahmat, ko‘p yaxshi ishlar qildi, odamlarga, jamiyatga ko‘p nafi tegdi, deb alqashadi.
Keyingi yillarda “Ko‘kcha”da qurilgan imorat yo‘qki Nazarovlarning hissasi qo‘shilmagan bo‘lsa. Qorako‘lchilarning Respublika va viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarlarida ham “Ko‘kcha”da erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etiladi. O‘nlab tajribali cho‘ponlari, mutaxassislari munosib taqdirlangan. Ana shu ahil jamoaning yetakchisi bugun Olim Nazarov. Unga tashabbuskorlik otasidan yuqqan. Cho‘ponlar hayoti nechog‘lik murakkab ekanligini Olimjondan yaxshi biladigan ishbilarmon bo‘lmasa kerak.
– Odamlar bu yerlarda qadimdan chorva bilan shug‘ullangan, ming yildirki, cho‘ponlar yaylov kezadi, qorako‘l ko‘ylarni ko‘paytiradi, – deydi Olim Nazarov. – To‘g‘risi aytsam, xo‘jaligimizda parvarishlanayotgan qo‘ylarning go‘shtidek xushta’m ne’mat yo‘q dunyoda. Ming bir turdagi giyohlarning xosiyati bu. Qo‘ylar ana shu o‘t-o‘lanlarni yeb oziqlanadi, yakuniy mahsulot sifati ham shunga yarasha bo‘ladi. Keyingi yillarda institutda, universitetda o‘qiyotgan yoshlar otarlarimizda tajriba o‘tamoqda. Biz ularga yetarli sharoit yaratib berganmiz. Naslchilik ishlarini yanada yaxshilash maqsadida professor Erkin Shaptakov boshliq qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.
Bundan tashqari, tizimdagi ko‘pchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklari Afg‘oniston va boshqa davlatlardan naslli qo‘chqorlar, qo‘ylar olib kelishga harakat qilmoqda. Chetdan keltirilgan qo‘chqorlarni mahalliy sovliqlar bilan chatishtirib yaxshi natija kutayotgan tadbirkorlar ham bor.
Olim Nazarovning e’tirof etishicha, “Ko‘kcha” qorako‘lchilik sovxozi bundan 60 yil ilgari tashkil etilgan. So‘ng yillar o‘tib naslchilik xo‘jaligiga aylantirildi va ayni chog‘da jamoada bilimdon va tajribali cho‘ponlar juda ko‘p. Baxtiyor Islomov, Badri Sharipov, Nagashbay Tulmisov, Akbar Ramazonov, Iso Hasanov, Tolib Shoahmedov, Ahmad Hayitov va hokazolar shular jumlasidan. Har bir otar Olim Nazarovning doimiy e’tiborida.
“Ko‘kcha”da har bir bayram, to‘y marosimlar oqsoqollar ishtirokisiz o‘tmaydi. Bu xo‘jalikda kasaba uyushmasining o‘rni bo‘lakcha. Kasaba uyushma raisi Ravshan Tohirov boshchiligida otarlardagi ilg‘or cho‘pon va mutaxassislarning dam olishi, sog‘ligini tiklashi uchun sanatoriylarga yo‘llanmalar beriladi.
– Otam shu yerda ko‘p yil rais bo‘lgan paytlarda rahbarlikning yuki og‘irligini his etmaganman, –deydi Olim aka. – Raisga mazza, xo‘jalikda undan katta odam yo‘q, hamma quloq soladi, tadbirlar, to‘ylarda davraning to‘rida o‘tiradi, mashinasini orqasiga o‘tirib olib bu otardan bu otarga borib cho‘ponni tergaydi, deb o‘ylardim. O‘zim xo‘jalik jilovini qo‘lga olgach sezdimki, yuk juda og‘ir, rahmatlik otamga oson bo‘lmagan ekan. Ba’zan yalqovni ham, yuzsizni ham indamasdan kuzatishga to‘g‘ri keladi, ba’zilar o‘zi kelishga yuzi chidamay xotini yo bolasini jo‘natadi va aksincha ustiga osmon ag‘darilib ketsada dod demaydigan odamlarni ko‘rasan. Xo‘jalikdagi maktablar, markazdagi madaniyat saroyi, sport maydonchalarining bolalar bilan gavjumligi vujudimdagi charchoqni butkul quvadi. Menimcha dunyoda bolalarning shodligi, qiyqirib o‘ynashidan go‘zalroq manzara bo‘lmasa kerak.
Uyushmadan bizga yo‘l ko‘rsatib kelgan Halimjon Sohibovni rais bilan suratga oldik. Xo‘jalik mutaxassislari orasida bosh hisobchi Boltayev Umidjon, bosh zootexnik Rashid Jo‘rayev, ikkinchi bo‘lim boshlig‘i Ravshan Tohirov, yordamchi hisobchi O‘tkir Teshayev kabi uzoq yillardan buyon ishlayotgan va Olim Nazarovning otasini ham yaxshi bilgan kishilar ham suratga tushdi. Cho‘ponlar huzuridagi gurunglar, naslli qo‘chqor va sovliqlarning holati bilan tanishuv raisga ham bizga ham zavq bag‘ishladi.
Allohga beadad shukrki, bu yil yaylov – cho‘ponlar vatan tutgan go‘sha qurib ketmagan, o‘t-o‘lan ko‘p, kun tandirdek qiziyotgan bo‘lsada yaylovda baraka bor. Otarlarda obi hayot degani oltindan qimmat. Negaki, kuch va texnika topib kovlating, 240-300 metr chuqurlikdan ham suv chiqmasligi mumkin, rais bu masalaning ham yechimini topishga kirishgan. Cho‘ponlarning eng yaqin do‘sti, ko‘makchisi, otalari kabi mehriboni Nazarovning o‘zi. Ha bu gapga ishonavering, biri biridan 50-60 kilometr uzoqlikdagi otarlarda bo‘lganda ana shu mehrni cho‘pon bobolarning nigohlarida ko‘rdim.
– Bu odamlar shu yerda tug‘ilib shu yerda misoli chinordek tomir otgan. Agar ularni barcha qulayliklarga ega bo‘lgan shaharga jo‘nating, bir kunda bo‘g‘ilib qoladi, o‘tovimga, yaylovimga ketaman, tilla bersang ham bu yerda turmayman, deydi. Noshukrlikka yo‘ymangu shaharning mazali taomlaridan ko‘ra o‘tinda pishgan taom, qumg‘onning choyi, echkining qatig‘i “Ko‘kcha”lik uchun eng lazzatli taom. Bulardan siz ham tatib ko‘ring, mehmon, gapimga ana shunda to‘liq ishonasiz, – deydi rais.
Olim Nazarovdan farzandlari haqida so‘radik. Raisning bu borada ham omadi chopgan. Katta o‘g‘li Ibrohimbek dronlar bo‘yicha yetakchi muhandis, o‘z kasbining bilimdoni. Ikkinchi o‘g‘li Muhammadali IT- yunalishida mutaxassis, davlatga ham, jamiyatga ham juda kerakli mutaxassis. Otaning aytishicha, bu borada Muhammadali ustozlari va rahbarlarining ishonchini oqlayapti. Ota uchun bundan ortiq baxt bormi? Olim Nazarov o‘g‘illari haqida gapirganda ko‘zlari quvonib so‘zladi, unga havasim keldi va mana shunday g‘ururlanish bizlarga ham nasib etsin, dedim.
– Sun’iy tolalar dunyoni bosib ketgan bo‘lsada, tabiiy, ekologik toza mahsulotning shaydosi aslo kam emas. Ayniqsa, oftob nurida ming bir tuslanadigan eng yuqori sifatli qorako‘l teridan tikilgan kiyim-bosh xaridorini topsa o‘zbekning nomi yana bir bor hurmat bilan tilga olinadi, cho‘ntak pulga to‘ladi. Hamma gap ana shu yuqori sifatli mahsulotni yetishtirish va sotuvini yo‘lga qo‘yishda, – deydi Olim Nazarov. – Cho‘ponlarimizning shijoati baland, bizni esa niyatlar ulkan. Chunki hayotimiz mana shu dunyoda sanoqli davlatlarda boqiladigan qorako‘l qo‘ylar bilan bog‘liq. “Buxoroning jonli oltini” deb nom olgan qorako‘l qo‘ylari esa bizdan boshqa joyda yo‘q. Shu bois yagona orzuyim – otamning, bobolarimning ruhini shod etib, “Ko‘kcha” shon- shuhratini yanada ko‘tarish. Ana shunda sohamiz tom ma’noda valyuta manbaiga aylanadi.
Abdunabi Aliqulov,
O‘zA