Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovi hududiy- respublika bosqichi o‘tkazildi.
Mustaqillik yillarida xususan, keyingi 5-6 yilda jamiyatimizda ayol har qachongidan ko‘ra e’zoz va e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, tadbirkor xotin-qizlar uchun joylarda yaratilgan keng imkoniyatlar, ularning emin-erkin faoliyat olib borishlari uchun belgilangan imtiyoz va preferensiyalar nozik xilqat egalarini mudom izlanishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga kasb-mahoratini oshirishga, el-yurt ma’murchiligi yo‘lida barcha ishni qilishga da’vat etmoqda.
Tadbirkor xotin-qizlarning izchil faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan O'zLiDePning “Ishbilarmon ayol” istiqbolli loyihasi bu borada muhim ahamiyat kasb etyapti. Jumladan, buxorolik ayollarning ham biznes sohasidagi loyihalarini rivojlantirish, xususan xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish, ayollarning jamiyatdagi mavqeyini yanada oshirishga xizmat qilib kelayotgan ushbu ko‘rik-tanlovda mana 7 yildirki, viloyatdagi tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer ayollar ham faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘tgan yillar davomida tanlovning viloyat va respublika bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ayollar orasida Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi raisi Sanam Jumayeva, “G‘ijduvon mashhurasi” xususiy korxonasi rahbari Zamira Safarova, “Zamin madad tayyorlov savdo” MCHJ rahbari Mamlakat Sodiqova, “ARK TRAVEL” sayyohlik kompaniyasi rahbari Inobat Karimova, “Fayz qurilish mollari” MCHJ raisi Dilorom Fayziyeva, “Banoaz Tekstile” MCHJ rahbari Mahtob Adilova singarilar bor.
Joriy yilgi ko‘rik-tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va hududiy-respublika bosqichiga yo‘llanma olgan 13 nafar tadbirkor va ishbilarmon ayollarning iste’dod, mahorat va mehnatlariga talabchan hakamlar hay’ati tomonidan munosib baho berildi.
Tanlov nizomiga asosan hududiy bosqich g‘oliblari “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari hisoblanadi.
Hakamlar hay’ati qaroriga binoan faxrli birinchi o‘rin tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida bardavom faoliyat olib borayotgan g‘ijduvonlik Iqlima Jo‘rayevaga berildi.
[gallery-13277]
– G‘ijduvon tumanidagi “Firdavs O‘ktam Amon omadi” mas’uliyati cheklangan jamiyatimizga “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 33 gektar yer ajratib berilganligi bu yerda bir milliard so‘m hamda AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi USAIDning 31 ming dollari evaziga ekomaskan barpo etish imkonini berdi, – deydi ushbu MCHJ rahbari, O'zLiDeP faoli I.Jo‘rayeva. – Hozirgi paytda ekomaskanimizda 40 ming tupga yaqin turli ko‘chatlar parvarish qilinmoqda. Dam oluvchilar uchun yurtalar o‘rnatilib, tegishli sharoitlar yaratilgan. Kelgusida esa mahalliy va xorijiy mehmonlar 5 gektardan iborat suv havzasidan baliq ovlashlari ot va tuyalarda sayr etishlari mumkin bo‘ladi. Ekoturizm mahalliy aholining faol ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokini ta’minlashi va ushbu faoliyat turidan yaxshigina daromadga erishilishi bilan e’tiborga sazovordir. Bu yilgi Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz qatori “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligim, meni o‘z faoliyatimda yangi marralarni egallashga da’vat etib turibdi.
Ko‘rik-tanlovda faxrli ikkinchi o‘rin Romitan tumanidagi “Sanobar Samad Jasmina” MCHJ ta’sischisi va rahbari Sanobar Jo‘rayevaga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa esa Vobkent tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand Shahnoza Avezova munosib deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar O'zLiDeP hamda hamkor tashkilotlarning diplom, tashakkurnoma, shuningdek qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan O'zLiDeP viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati O.Xamidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Baratova, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari N.Alimov va boshqalar keyingi paytda mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati tamomila yangi bosqichga olib chiqilganligini, Prezidentimizning ayollarni qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama ko‘mak berishga qaratilgan tashabbuslari bugun yuzlab va minglab buxorolik xotin-qizlar, jumladan, navbatdagi tanlovda qatnashgan ishbilarmon ayollar qalbida ham ishonch, shijoat va minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otganini alohida ta’kidladi.
O’zLiDeP saylovoldi dasturida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirishga alohida urg‘u berilganligi partiyaning istiqbolli loyihalaridan biri “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovlarida ishtirok etish istagida bo‘lgan xotin-qizlar safini tobora kengaytirmoqda.
Bayramona tarzda tashkil etilgan tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga xushnudlik baxsh etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA