Fotoreportaj
Buxoroda “Fidoyi yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 13 nafar yoshlar yetakchisi qatnashdi.
[gallery-8169]
Tanlov mahallalarda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etilishini ta’minlash, yoshlarning manfaatlari va qonuniy huquqlarini himoya qilish, yoshlar muammolari va takliflarini o‘rganish, ularga ko‘maklashish borasidagi ishlar sifatini oshirish, yoshlar yetakchilarining ma’naviy saviyasi va bilimini oshirish orqali mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit rivojiga hissa qo‘shish, yoshlarda Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda bu boradagi sa’y-harakat va faollikni rag‘batlantirish maqsadiga qaratilgan.
Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar mahorati “Yoshlar siyosati bilimdoni”, “Samarali faoliyat”, “Innovatsion ijtimoiy loyiha”, “Iqtidor va iste’dod” shartlari bo‘yicha baholandi.
Romitan tumani Afrosiyob mahallasi yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Shukurov tanlov g‘olibi bo‘ldi. Jondor tumani Navgari mahallasi vakili Sayfullo Muhsinov ikkinchi hamda G‘ijduvon tumani Mirakon mahallasi yoshlar yetakchisi Azizjon Qahhorov uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom, zamonaviy noutbuk va printer, kompyuter jamlanmasi hamda kitoblar to‘plami taqdim etildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA
KYU.