French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroning boqiy nomoddiy madaniy meroslari
19:03 / 2021-12-02

Buxoro viloyati o‘zining o‘ziga xos hunarmandchiligi, takrorlanmas an’analari, xushtam taomlari va go‘zal ijrochilik san’ati bilan ajralib turadi.

Buxoroning ziravorlari olamga mashhur bo‘lib, hudud tog‘ yonbag‘irlarida yetishtirilgan giyohlar, sarxil shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan ziralar hamisha xaridorgir bo‘lgan. Har yili aynan Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar” festivalining o‘tkazilishi ham bejizga emas.

Shuningdek, Buxoro tillasi ham azaldan dongdor va mashhur bo‘lgan. Bunda, albatta, zargarlarning ham o‘rni katta. Chunki buxorolik zargarlar nafaqat tilladan, balki boshqa metallardan ham nafis va go‘zal taqinchoqlar yasagan. Buxoroda asrlar davomida saqlanib, asrdan-asrga yanada sayqallanib, rivojlanib kelayotgan zargarlik maktabi shakllangan.

Mamlakatimizda mustabid tuzum barham topganidan so‘ng xalq amaliy san’atining qirqqa yaqin turlari, jumladan, hunarmandchilik va musavvirlik, tasvir san’at uyg‘unlashgan kashtachilik, so‘zanachilik, zardo‘zlik, patdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, misgarlik, pichoqchilik ravnaq topa boshladi. 

Har bir yo‘nalishda usta hunarmandlar san’at darajasida mahsulot yaratish barobarida o‘nlab shogird yetishtirib, ular ko‘magida sayqal bergan o‘z shaxsiy kolleksiyalari, betakror buyumlarini nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham muxlisu mutaxassislar e’tiboriga havola qilib, katta qiziqish va e’tirofga sazovor bo‘lmoqdalar.

“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi tomonidan bugungi kunda hududda istiqomat qilib kelayotgan asriy an’analarni davom ettirayotgan hunarmandlar faoliyati o‘rganildi. Ulardan biri zargar Baxshillo Jumayev bo‘lib, u Buxoro diyorida taraqqiy etgan va 1920 yildan boshlab biroz yo‘qolish arafasida bo‘lgan zardo‘zlik san’atini yuksaltirish va taraqqiy etishi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 

Qariyb 50 yildan buyon zardo‘zchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Baxshillo Jumayevning rafiqasi ham aynan shu sohada faoliyat yuritadi. Farzandlari ham hunarmandchilikning boshqa sohasidan ketgan bo‘lsa-da o‘zbek milliy san’atining dunyo bo‘ylab yoyilishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Buxoroda o‘ziga xos qo‘lbola qog‘oz ishlab chiqarish sanoati azaldan shakllangani ba’zilar uchun yangilik bo‘lsa, ajab emas. Badiiy miniatyura san’atiga oshufta musavvirlarimiz azaldan o‘z asarlarini yoki hattotlarimiz nodir qo‘lyozmalar, kitobat san’atini ana shunday pishiq ipak, uvada yoki qamish qog‘ozlarga bitib, ular umri boqiyligini ta’minlaganlar. Zero, qog‘oz tarixiy yozma manbalarning bizgacha yetib kelishida beqiyos ahamiyatga ega.

– Buxoroda qadimdan sifatli qog‘oz ishlab chiqarilgan, – deydi yosh hunarmand Akmal Muhiddinov. – Birgina misol, qadimiy Poykend xarobalarini arxeologik tadqiq qilinganida, katta hunarmandlar rastasi faoliyat yuritgani, unda xumdon, rangrezlik, shishapazlik, dorupazlik kabi shoxobchalari bo‘lgani aniqlangan. 

Qog‘ozpazlik, qog‘oz oqartirish, yog‘lash do‘konlarining bo‘lgani to‘g‘risida qadimiy shahar xarobalarida 22 yil arxeologik qazuv ishlarini olib borgan Rossiya va O‘zbekiston olimlarining izlanishlarida ma’lumotlar keltirilgan. Bundan kelib chiqadiki, Buxoro qog‘ozining tarixi ham juda uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Yozuv tarixiga nazar solsak, toshtaxtalar, qadimiy g‘orlar devorlaridagi suratli ifodalar davr o‘tishi bilan qog‘ozga o‘tgani sir emas.

Buxoro hunarmandlari orasida adras va atlas to‘quvchilik san’ati ham alohida taraqqiy etgan. Bugun sohada bir muncha nomdor adraschilar ham faoliyat yuritadi.

– Ish faoliyatimni 12 yoshimdan boshlaganman, – deydi hunarmand Muhammadqul Jo‘rayev. – Asosiy ustozim otam bo‘lgan. Biz to‘rtinchi avlod hisoblanamiz. Biz Buxoroga vodiydan kelib, ustoz-shogird maktabi ochib, adras to‘qishni o‘rgatyapmiz. Buxoro hunarmandchiligini rivojlantirish markazida faoliyat yuritaman. Asosan Buxoroning eski, qadimiy adras nusxalarini tiklash, yo‘qolib ketayotgan adras, atlas to‘qish sirlarini o‘rgatish bilan shug‘ullanyapmiz. 

Anorgul, nomozshomgul, lolagul, chayongul kabi qadimiy turlarining o‘ziga yarasha tarixi, ma’nosi bor. Masalan, chayongul o‘tmishda ko‘z tegmaslik, oilaga zarar yetmaslik ma’nosini bildirgan. Lolagul esa sevgi ramzi hisoblanadi. Kapalak nusxalari go‘zallik, bodom – tinchlik ramzi hisoblanadi.

Dilobar Mamatova, O‘zA