Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorolik yoshlar referendumda faol ishtirok etadi
16:01 / 2023-04-14

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan Buxoro Davlat universitetida “Referendum va yoshlar” forumi o‘tkazildi.

Targ‘ibot-tashviqot tadbirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari, partiya faollari va faxriylari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.  

Tadbirni universitet rektori, O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi Obidjon Hamidov kirish so‘zi bilan ochib,  yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida yig‘ilganlarga keng tushuntirishlar berdi. Shu bilan bir qatorda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida keyingi paytda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va  yangi normalar kelgusida yosh avlod kamoloti va  huquqiy himoyasida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.    

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 51-moddasida “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli” degan norma mustahkamlanayotgani kelajakda Yangi O‘zbekistonning gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘sha oladigan, yetuk, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan mutaxassislarni kamol toptirishga xizmat qiladi.  

 – Darhaqiqat, Yangilanayotgan Bosh Qomusimizda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda, –  dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslanova. – Jumladan, nafaqat bank omonatlari, balki bank operatsiyalari va hisob varaqlarning ham sir tutilishi kafolatlanmoqda. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi o‘rnatilmoqda.  

Tadbirda Buxoro tumanidagi  “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Muhammad Ahmedov ham so‘zga chiqib, o‘zini to‘la oqlayotgan klaster tizimi yurtimiz agrar sohasida ham pirovard natijalarni berib kelayotganini, bu ayniqsa paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyatida aniq ko‘zga tashlanayotganligini aytib o‘tdi. Vatanimiz kelajagi hozirgi yoshlar qo‘lida ekanligi, shu bois ularning huquq va manfaatlari kundalik turmushning kelgusidagi orzu-umidlari ushalishi davlat himoyasida ekanligini ta’kidlandi.    

Darhaqiqat, Yangilanayotgan Konstitutsiyada birinchidan, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, degan norma mustahkamlanmoqda.  

Ikkinchidan, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan me’yor ham kiritilmoqda. Qonun loyihasining 51-78-79-moddalarida bu fikrlar o‘z aksini topganligi bejiz emas.  

Tadbir davomida partiya faollari tomonidan ishtirokchilarga bo‘lajak referendumga oid bir qator bukletlar, ko‘plab flayerlar tarqatildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan yangilanayotgan Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlab aytilgan “Konstitutsiya – meniki, seniki, bizniki”, “Konstitutsiya – o‘zimizniki” deb yangragan chaqiriqlar bayramona tadbirga ko‘tarinkilik, zavq-shavq bag‘ishladi. Tadbirda yangragan kuy-qushiqlar barchaga yuqori kayfiyat va xushnudlik baxsh etdi.  

– Biz-yoshlar xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq qaramasdan, joriy yilning 30 aprelida bo‘lib o‘tadigan referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz beramiz, – deydi universitet talabasi Behruz Shukurov.  – Bu ushbu oliy o‘quv yurti nafaqat professor-o‘qituvchilarining, balki barcha talaba-yoshlarining ham qalb da’vatidir.  

Zarif Komilov, O‘zA