Buxoroda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda mehnat qilib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan, ijtimoiy hayotda faol, mahallalar obodligi, oilalar turmush farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlar taklif etildi.
Tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni va ular timsolida buxorolik barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallab, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy bilan ta’minlash kabi muhim masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat darajasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ayollarni yangi O‘zbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtirok etib, Vatanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga undamoqda.
[gallery-16254]
O‘tgan yili viloyat bo‘yicha 91 ming 598 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 10 ming 865 nafar opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Faqatgina 2023-yilning o‘zida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 262 milliard 8 million so‘mdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratildi. Natijada 25 mingdan ortiq xotin-qizga doimiy ish va daromad manbai yaratildi. Shuning barobarida 511 nafar ehtiyojmand ayolning uy-joy sharoiti ta’mirlanib, qariyb 123 nafar kam ta’minlangan xotin-qizga ijara to‘lovlari qoplab berildi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/fsP38EOufpc" title="Buxorolik xotin-qizlar sharaflandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida o‘tgan yili 17 ming 986 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bugunga kelib viloyatda 29 ming 285 nafar qiz davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan 283 nafar qizning ham 2023-2024 o‘quv yilida kontrakt pullari to‘liq davlat byudjetidan to‘lab berildi. Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 1 ming 571 nafar qiz, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 562 nafardan ortiq xotin-qiz oliy o‘quv yurtlariga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilingani ular kelajagiga tikilgan sarmoyadir.
Marosimda jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgani uchun bayram arafasida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak-nishoni bilan taqdirlangan 15 nafar xotin-qizga ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir san’at ustalari, xushovoz estrada xonandalari konsert dasturi bilan yakunlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari