French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorolik tibbiyot xodimlari e’tibor va e’zozda
14:33 / 2022-11-13

Buxoroda tibbiyot xodimlarining kasb bayrami kuni keng nishonladi. Shu munosabat bilan viloyat hokimligida bayram tadbiri o‘tkazildi. Marosimga viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari xodimlari, tibbiyotchi olimlar va mutaxassislar, soha faxriylari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov tadbir ishtirokchilari va viloyatdagi barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun aholi uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne’mat. Faqat sog‘lom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir bo‘ladi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan bir guruh buxorolik fidoyilar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligi alohida e’tirof etildi.  

Davlat rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish orqali inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni shu maqsadda viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish va uning rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

[gallery-9549]

Oxirgi besh-olti yillikda 91 ta tibbiyot muassasalarida qurilish-montaj va jihozlash ishlari amalga oshirildi. 500 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasalari tashkil qilindi. 81 ta oilaviy poliklinika va 94 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etildi. 17 ta respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.Chekka hududlarda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida joriy yilda 120 ta konteynerlar negizida 73 ta mahalla tibbiyot punktlari ish boshladi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari tomonidan respublika darajasidagi 17 mingga yaqin yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi. Bu orqali fuqarolarning boshqa hududlarga borib tibbiy xizmat olish zaruriyati qariyb 3 baravarga kamayishiga erishildi.

Muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular infratuzilmalarini yaxshilash maqsadida mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 3 baravarga ko‘paytirildi. Xorijiy davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlarida 100 nafardan ortiq soha xodimlarining malakasi oshirildi.

Tez tibbiy yordam maskanlarida tashkil qilingan brigadalar 100 ta avtotransport vositasi bilan ta’minlandi. “Tez tibbiy yordam” tizimidagi islohotlar natijasida tibbiy yordamning kechikishlari 10-12 foizdan 0,5-0,6 foizgacha, chaqiriqlarga yetib borish vaqti esa o‘rtacha 25-30 daqiqadan 8-10 daqiqagacha kamayishiga erishildi. Shahar va tumanlarda “Ayollar maslahatxonasi”, “Onko-nazorat xonasi”, “Ona va bola klaster xonasi”, “Qizlar ginekologiyasi xonasi”, “Qizlar salomatligi markazi” ish boshladi.

Soha tubdan isloh qilinayotgani barobarida, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i ham oshib bormoqda. Xususan, viloyatdagi tibbiyot markazlarida kardioxirurgiya, neyroonkologiya va rekonstruktiv xirurgiya, ftizioxirurgiya, dermatovenerologiya, shoshilinch yordam va pediatriya sohalarida nafaqat viloyatda, balki respublikada ilk marotaba 1 ming 700 turdan ortiq avvaldan bajarilmagan yuqori texnologiyali muolajalar va jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Tadbirda ish faoliyatida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlari xalq deputatlari viloyat Kengashining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov, Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi shifokori Tamara Bekimbetova,  Buxoro davlat tibbiyot instituti 1-akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri Gulchehra Ixtiyarovaga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.  

– 25 yildan buyon shu dargohda ishlayman, – deydi Buxoro shahar bolalar Muruvvat uyi hamshirasi O‘g‘iljamol Yo‘ldosheva. – So‘nggi 5 yil davomida Davlat rahbari tomonidan biz soha egalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehnatimiz rag‘bat topmoqda. Bugun Xalq deputatlari viloyat Kengashining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandim. Bundan juda xursandman. Inson qadri ulug‘langan yurtda yashayotganimdan faxrlanaman.

Shu kuni Buxoro shahridagi muhtasham tantanalar majmuasida tibbiyot xodimlari sharafiga bayram dasturxoni yozildi. Tadbirda san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.

 

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA