Buxoro viloyatida faol va startap tashabbuslari bilan chiqayotgan xotin-qizlar ishtirokida yoshlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga keng jalb etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi xotin-qizlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ularning intellektual hamda ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, mavjud AKT ta’lim va grant dasturlari haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat.

Uchrashuvda raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ishtirok etib, hududda xotin-qizlarning AKT sohasidagi ishtirokini kengaytirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat davomida yoshlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi faolligini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Shuningdek, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, AKT sohasidagi o‘quv dasturlarini kengaytirish va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Startap loyihalarini amalga oshirish jarayonida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida AKT va startap yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan qizlar o‘z loyihalarini taqdim etib, ularni rivojlantirish istiqbollari, investitsiya jalb etish imkoniyatlari hamda kutilgan ijtimoiy-iqtisodiy samaralar haqida ma’lumot berdilar. Mutaxassislar tomonidan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror biznes modelini shakllantirish va aniq amaliy natijalarga erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA