Buxorolik o‘quvchilar yana g‘oliblar safida. Bu haqida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Buxoro viloyati bosqichida Buxoro tumanidagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edi.
Joriy yilning 15 avgust kuni mazkur tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan buxorolik vakillar 180 balldan 173 ball to‘plab, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxorolik o‘quvchilar bu tanlovda ikkinchi marotaba g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Ma’lumot uchun 2022 yilda Buxoro shahridagi 40-umumta’lim maktabi jamoasi, tanlovning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Shuningdek, tanlovda 3 nafar vakillari ya’ni Samira Najmiddinova “The best reader”, Shahriyor Sulaymonov “The best writer”, Yasmina Muhiddinova “Best of the best” (mutlaq g‘olib) nominatsiyalar g‘olibi bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA