Buxoroda “Fidoiy ustoz — millat faxri” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda yuzlab o‘g‘il-qizlarni yuqori marralarga yetaklayotgan buxorolik o‘qituvchi Billura Ikromova taqdirlandi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Botir Zaripov so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri — bu ta’lim va tarbiya sohasini rivojlantirish, har bir bolaga sifatli ta’lim olish imkonini yaratishdir. Ana shunday yuksak maqsad yo‘lida yelkadosh bo‘layotgan, o‘z bilim va tajribasini ayamay, fidokorona mehnat qilayotgan o‘qituvchilar orasida Billuraning alohida o‘rni bor.

– Siz nafaqat xorijdagi nufuzli ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlab qaytgan, balki olis Qizilravot qishlog‘iga borib, bir necha yildan buyon ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lmagan maktabda faoliyat boshlab, samarali natijalarga erishgan pedagog sifatida e’tirofga loyiqsiz, – dedi viloyat hokimi B.Zaripov. – Eng muhimi siz nafaqat o‘qituvchi, balki tashabbuskor, ilg‘or g‘oyalar muallifi, lider sifatida ko‘plab loyihalarni amalga oshirib, mamlakatimizga investitsiyalar olib kirishga hissa qo‘shayotganingiz bu — haqiqiy fidoyilik namunasidir.
Fidoyi ustoz Billura Ikromovaga yuksak ishonch va e’tirof ramzi sifatida Prezident sovg‘asi — zamonaviy BYD elektromobili topshirildi.

– Prezidentimizning bergan imkoniyatlaridan foydalanib mana shunday e’tirofga sazovor bo‘ldim, – deydi Billura Ikromova. – Shunga amin bo‘ldimki, biron bir insonning mehnati qadrlanmay qolmaydi. Mening ham kichik bir mehnatim davlat rahbari tomonidan qadr topdi, e’tirof etildi. Shu yerda to‘plangan yoshlarga ilm olishdan hech qachon charchamanglar deyman. Agar chin dildan bilim olsangiz albatta sizning qilgan mehnatingiz yuksaklarga ko‘tariladi. Aslida bugun meni shu yutuqqa erishishimda Prezidentimning, ota-onamning, turmush o‘rtog‘imning mehnati katta. Agar har bir ayol oilada qo‘llab-quvvatlansa albatta u yuksak marralarga erishadi. Men oddiy oilaning farzandiman. Otam nonvoy, onam o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Aslida bugungi yutuq meni voyaga yetkazgan, meni oq tarab, oq yuvgan va meni hayotda o‘z o‘rnimga ega bo‘lishimda ko‘mak bergan ota-onamnikidir. Bugun ularning ta’limga kiritgan investitsiyasi samara bera boshladi. Oila qurganimdan so‘ng turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi tufayli shu darajaga yetdim. Ular menga olis hududga borib kelishim uchun sharoit yaratib berdi. Buni uddalashimga ishonch bildirdi. Yelkama-yelka men bilan birga mehnat qildi. Bu mukofot menga juda katta mas’uliyat yukladi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, Billuraning oila-a’zolari, professor-o‘qituvchilar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri.