Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorolik oʻquvchilar gʻolib
18:13 / 2019-10-28

Buxoroda oʻquvchilar oʻrtasida matematika fani boʻyicha Mirzo Ulugʻbek nomidagi respublika olimpiadasi boʻlib oʻtdi.


Buxoroda oʻquvchilar oʻrtasida matematika fani boʻyicha Mirzo Ulugʻbek nomidagi respublika olimpiadasi boʻlib oʻtdi.

Xalq taʼlimi vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz miqyosida umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kollejlar oʻquvchilari bilimdonlari orasidan saralangan 91 ishtirokchi bilimini sinab koʻrdi.

Buxoro shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan bilimdonlik bahsida olimpiada shartiga koʻra, ishtirokchilar ikki kun mobaynida 6 masalani yechish boʻyicha sinovdan oʻtdi. Auditoriya videokuzatuv bilan jihozlangani, tashqarida oʻqituvchilar va ota-onalarning jarayonni monitorda kuzatish imkoniyati yaratilgani tadbirda xolislik va shaffoflik tamoyili ustuvorligini taʼminladi.

Olimpiada yakuniga koʻra, gʻoliblik 33 ball toʻplagan Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Diyorbek Tolibovga nasib etdi.

– Maktabimizda matematika fanini oʻqitishga, shuningdek, iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda, – deydi D.Tolibov. – Darsdan soʻng, toʻgaraklarda shugʻullanuvchilar uchun keng imkoniyat yaratilgan. Bu yerda maktab darsligi bilan cheklanib qolinmaydi. Masalan, men internet bazasida joylashtirilgan murakkabroq masalalarni yechishning turli usullaridan foydalanish ustida ishlayman. Bu esa bilim va koʻnikmamni oshirishda qoʻl kelmoqda. Yaqinda viloyatimizda oʻtkazilgan matematika fani boʻyicha mamlakat ochiq olimpiadasida uchinchi oʻrinni egallagan edim. Bugungi muvaffaqiyat esa yanada salmoqli boʻldi.

Taʼkidlash kerak, olimpiadada raqobat kuchli boʻldi. Bunga ikkinchi oʻrinni egallagan Buxoro davlat universitetining Qorakoʻl akademik litseyi oʻquvchisi Shahboz Hasanov bilan gʻolib oʻrtasidagi baho farqi yarim ballni tashkil etgani ham dalil.

Bilimdonlik koʻrigi yakunida uch soatcha davom etgan bahs yuzaga keldi. Aniqrogʻi, uchinchi oʻringa bir xil ball toʻplagan uch kishi daʼvogarlik qildi. Appelyatsiya komissiyasi xulosasiga koʻra, ishtirokchilarga yozma ish, yaʼni bitta masala yechimi taklif etildi. Uni toʻgʻri va asosli yechgan Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabi 11-sinf oʻquvchisi, xalqaro va jahon olimpiadalari sovrindori Jahongir Nurboyev uchinchi oʻrinni egalladi.

Olimpiada uch sovrindoriga diplom va pul mukofotlari topshirildi. Ularning ustozlari Qosim Rahimov, Iftixor Hidoyatov va Joʻrabek Murodov ham moddiy ragʻbatlantirildi.

– Mamlakatimizda taʼlim sohasining huquqiy asoslari mustahkamlanayotgani natijasida tizim takomillashib, sifat va samaradorlik koʻrsatkichlari oshmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, mazkur olimpiada hakamlar hayʼati raisi Abdulla Aʼzamov. – Davlatimiz rahbarining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada yana bir muhim hujjat boʻldi. Unga muvofiq, xususan, matematikaga qiziquvchi istiqbolli yoshlarni saralash va qoʻllab-quvvatlash, iqtidorini roʻyobga chiqarish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishning mutlaqo yangi mexanizmi yaratildi. Eng muhimi, iqtidorli oʻquvchilarning eng saralari jalb qilinadigan Oʻzbekiston terma jamoasining dunyo miqyosidagi intellektual musobaqa – matematika boʻyicha xalqaro va jahon fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishini taʼminlashga asos solindi. Buxoro olimpiadasi yuqoridagi qaror talablariga mos oʻtkazildi.

Yangi tamoyillarga asosan nafaqat olimpiada sovrindorlari, balki bilimdonlari bahsida yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgani bois zaxiraga olingan yana oʻn besh nafar ishtirokchi Xalq taʼlimi vazirligida tashkil etiladigan kurslarga jalb etiladi. Mashgʻulot va sinovlarda yuqori intellektual qobiliyatini koʻrsatgan olti nafar oʻquvchi kelgusi yilgi xalqaro fan olimpiadalarida mamlakat sharafini himoya qiladi.