Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorolik kitobsevarlarga tuhfa
10:50 / 2024-11-29

Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan o‘n turdagi jahon hamda o‘zbek adabiyoti namunalari, xalq ertaklari jamlangan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Unda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, axborot-kutubxona markazlari xodimlari, ixtisoslashtirilgan maktablar mutaxassislari, yosh kitobxonlar qatnashdi.    

– Eng noyob sovg‘aga aylanayotgan bu kitoblarni mutolaa qilsangiz, ulardagi hikoya, ertak va she’rlar ma’naviyatingizni oshirishga amin bo‘lasiz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ul xodimi Rasuljon Nafasov. – Ularning turfa rasmlar bilan boyitilgani, e’tiborni o‘ziga jalb eta oladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofada chop etilgani, kitobsevar bolajonlarni befarq qoldirmaydi.  

Uyushma Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining ijtimoiy buyurtmalarni taqdim etish tanlovida qatnashib, “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgach, bu yo‘nalishdagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.  

Loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarni yaratish, ularni davlat buyurtmachisi bilan kelishib, axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish ishlari amalga oshirildi.    

Ayni paytda “ASAXIY BOOKS” mas’uliyati cheklangan jamiyat bosmaxonasida “Kitobxon bolalar” rukni ostida chop etilgan “Shalola”, “Oq qovunning bolasi”, “Uchar hammom”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qo‘lidan tutib” nomli kitoblar “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida, “Dunyo daholari” turkumidagi “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar yosh kitobsevarlarga yetkazib berilmoqda.  

Jumladan, Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markaziga, viloyat Bolalar kutubxonasiga, Buxoro shahridagi Prezident maktabiga, Hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga, viloyatdagi tuman axborot-kutubxona markazlariga va boshqa bir qator muassasalarga jami 540 dona davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida chop etilgan kitoblar tuhfa etildi.  

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri.