Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘zbekistonlik ziyoratchilar joriy yilning 18-30 iyun kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha haj safariga kuzatilgan edi.
Bu muqaddas ziyoratga birgina Buxoro viloyatidan joriy yilda jami 11 ta guruhda 522 nafar yurtdoshimiz izzat-ikrom bilan jo‘natildi. Ularning islom dini arkonlaridan biri haj safarini ko‘ngildagidek amalga oshirishlari uchun hukumatimiz, viloyat hokimligi, qolaversa, respublika Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan barcha sharoitlar yaratilgani quvonarli, albatta.
Muqaddas amalni bajarib ona yurtga yorug‘ yuz va yuksak maqom bilan qaytgan hojilarimizni kutib olish marosimlari ham Buxoroda tantanali ravishda tashkil etildi. Dastlab Buxoro viloyatidan bo‘lgan 37 nafar ziyoratchi Buxoro temir yo‘l vokzalida kutib olindi. Yana 245 nafar ziyoratchimiz, qolgan barcha hojilarimiz Navoiy viloyatidan muqaddas safarga otlangan yurtdoshlarimiz bilan birga havo yo‘li orqali “Jidda-Buxoro” yo‘nalishida viloyatga yetib keldi.
Kutib olish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov so‘zga chiqdi. Barcha ziyoratchilarni muqaddas haj amalini ado etganliklari bilan qutladi. Ularning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. O‘z navbatida, hojilar nomidan so‘zga chiqqanlar yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlash, fuqarolarning o‘zlari istagan dinga e’tiqod qilishlari uchun barcha sharoit yaratilgani, qolaversa, haj amalini ado etish jarayonida ham mehmonxona, harakatlanish, tibbiy xizmat va boshqa masalalarda hukumat e’tiborini har qadamda his etib turganliklarini alohida ta’kidlashdi.
[gallery-8095]
– Davlatimiz yaratib bergan imkoniyatlar, o‘zimizga yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanib, islom dinining beshinchi ruknini ado etgan buxorolik 500 nafardan ortiq hojilardan biri sifatida yaratganga shukronalar qilaman, – deydi Olim Azimov. – Muqaddas Makka va Madina shaharlaridagi tabarruk qadamjolarda bo‘lib, yaqinlarimiz, xalqimiz va yurtimiz haqiga duolar qildik.
Ziyoratchilarning kutib olinishini tartibli tashkil etish maqsadida viloyat IIB hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xavfsizlik choralari ko‘rildi. Qolaversa, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat markazi xodimlari tomonidan haj ziyoratidan qaytgan yurtdoshlarimiz guruh rahbarlari boshchiligida tartibli ravishda aeroport chegara o‘tkazish punktida koronavirus infeksiyasiga bepul ekspress-antigen test ko‘rigidan ham o‘tkazildi. Muhimi, bir oy davomida Makka va Madina shaharlarida bo‘lgan viloyatdoshlarimiz muqaddas haj amalining barcha ruknlarini bajarib, ziyoratning eng so‘nggi bosqichi hisoblangan vidolashuv tavofini ham ado etib qaytishdi.
Yuzlarida ulug‘ ziyorat fayzi, shukronalik hissi va yurt sog‘inchi ifodasi ko‘rinib turgan hojilar davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan hurmat va ehtirom bilan kutib olindi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA