Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroenergomarkaz: modernizatsiya ish samaradorligini oshiradi
11:59 / 2023-07-12

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi 306-sonli “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashgan issiqlik ta’minotini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan korxonada tayyorlangan loyiha doirasida mazkur korxonani uch bosqichdan iborat rekonstruksiya — modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Dastlab 202 ko‘p qavatli uy-joy, 32 ijtimoiy soha va 15 boshqa turdagi ob’ektga jami 273 dona individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Ikkinchi bosqichda 5,55 kilometr uzunlikdagi magistral issiqlik tarmog‘i zamonaviy penopoliuretan qoplamali quvurlarga almashtiriladi. Uchinchi bosqichda esa qozonxonada modernizatsiya ishlari olib boriladi. Har biri 20 MVt.li, umumiy quvvati 100 MVt dan iborat zamonaviy 5 yangi suv isitish qozoni o‘rnatilib, nasos xo‘jaligi va suvni yumshatish texnologik jarayoni modernizatsiya qilinadi.  

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida umumiy faoliyatda qator yengillik va iqtisodiy tejamkorlikka erishiladi. Buni yiliga 13 070 ming metr kub hajmdagi tabiiy gaz tejalishi yoki 7 milliard 842 million so‘m sarmoya iqtisod bo‘lishida ham ko‘rish mumkin. Xuddi shunday 310 ming metr kub ichimlik suvi yoki shundan 1,6 million so‘m iqtisod qilingani holda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 30 foizga kamayadi va issiqlik tarmog‘i ekspluatatsiya muddati 30 yilgacha uzaytiriladi.  

Ishlab chiqarilgan, tarmoqqa uzatilgan va iste’molchilar tomonidan foydalanilgan issiqlik energiyasini hisobga olishning samarali tizimi joriy etiladi hamda ko‘p qavatli uylarda umumiy issiqlik energiyasi hisoblagichlari o‘rnatiladi. Bugunga kelib birinchi bosqich ta’mirlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan Latviyaning “Eco Air” va Qozog‘istonning “Kazenergonaladka” korxonalari tomonidan tuzilgan konsorsiumga muvofiq kelishuv shartnomasi imzolangan. Uskunalarni o‘rnatish imkoni bo‘lgan jami 52 ijtimoiy soha ob’ekti va ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bu borada ikkinchi bosqichni amalga oshirishga doir tender savdolari yakuniga muvofiq Xitoy Xalq Respublikasining “IPPR” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. Tegishli tashkilotlardan qurilish ishlarini boshlash yuzasidan orderlar olingan. Hozirda qurilish-montaj ishlari Buxoro shahrining Turdi Farog‘iy, Alpomish va Mustaqillik ko‘chalarida jami 6 brigada tashkil qilgan holda bajarilmoqda.  

Hozirda loyihaning uchinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekistonning “Spets Polimer Montaj Sanatsiya” va Rossiyaning “VAPOR” kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan konsorsium bilan shartnoma imzolangan. Ayni kunda pudratchi tomonidan har biri 200 metr kub hajmli ikkita bak, tarmoq nasoslari, Rossiyada ishlab chiqarilgan 2 “Lavart 19 SW 160/13-60” rusumli qozon va suvni yumshatuvchi filtrlar yetkazib berilgan va zaxira baklarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.  

“Buxoroenergomarkaz” AJ uchun joriy yil tub burilish yili bo‘ladi. Bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarishda joriy qilinayotgan zamonaviy texnologiyalar xalqimizning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ladi.  

“Buxoroenergomarkaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga qariyb yarim asr bo‘lmoqda. Ayni kunda 202 ko‘p qavatli uy-joy, boshqacha aytganda, jami 11 ming 372 xonadonda istiqomat qiluvchi salkam 30 ming nafar aholi va xalq xo‘jaligining 32 ijtimoiy soha ob’ektiga issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib berish mas’uliyati mazkur tashkilot jamoasi zimmasida. O‘tgan yillar davomida korxonaning ishlab chiqarish anjomlari, isitish quvurlari tarmog‘i, qolaversa texnologik jarayon yangilanib borayotgan davr talabidan ortda qoldi, eskirdi. Shu sababli korxona tomonidan suvni tozalash, isitish va tarmoqqa yuborish xarajatlari uchun soatiga 150 metr kub ichimlik suvi, 1650 metr kub tabiiy gaz va 270 kVt/soat elektr energiyasi ortiqcha sarflanmoqda. Shuningdek, tarmoqlardagi issiqlik qoplamalarining yaroqlilik muddati qisqaligi va o‘tkazuvchanligi yuqoriligi sababli ham iqtisodiy yo‘qotishlar yuqoriligicha qolmoqda.  

Zarif Komilov,  

O‘zA