Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorodagi madaniy meros ob’ektlari ta’mirlanadi
18:19 / 2022-02-16

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining 2021 yil 15 noyabrda o‘tkazilgan 31-sonli majlisi bayonida 2022 yilda ta’mirlash-tiklash va asrashga doir ishlar olib boriladigan Respublikadagi madaniy meros ob’ektlarining ro‘yxati tasdiqlangan.

– Unga ko‘ra, Buxoro viloyatidagi 36 ta ob’ektda restavratsiya va konservatsiya ishlarini olib borish belgilandi, – deydi Madaniy meros agentligi Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov.  – Shundan viloyatdagi 23 ta madaniy meros ob’ektini restavratsiya qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasining 2022 yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish Dasturi doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar ro‘yxatiga kiritildi.  

Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori doirasida turizm ob’ektlarining yondosh infratuzilmalarni barpo etish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiyalash chora-tadbirlarining manzilli dasturiga asosan, viloyatdagi 7 ta madaniy meros ob’ektlarida ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.  

–Joriy yilda mahalliy byudjet hisobidan Buxoro shahrida 3 ta, G‘ijduvon tumanida 3 ta, Vobkent tumanida 1 ta, Buxoro tumanida 1 ta, Qorovulbozor tumanida 1 ta, viloyat bo‘yicha jami 9 ta madaniy meros ob’ektlari ta’mirlanadi, – deydi Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov. – Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan “Chor Minor”, “Rahmonqul” madrasalari, “Samarqand darvozasi”, “Zindon”, “Kulita” karvonsaroyi va boshqa shu hududlardagi madaniy meros ob’ektlarini yomg‘ir suvlari ta’siridan asrash zarurligini inobatga olib, mazkur ko‘chalarning yo‘laklarini ta’mirlab, yomg‘ir suvlarini madaniy meros ob’ektlaridan uzoqlashtirish choralari ko‘rilmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA