Madaniy meros
Ajdodlari amir saroyida ishlagan buxorolik temirchi Shokir Kamolovning qo‘liga bolg‘a olib, temirga jon kiritish uchun intilganiga mana qariyb 70 yildan oshdi. Ota-bobosining kasbini davom ettirib, usta xalq orasida obro‘-e’tibor qozondi. Nafaqat, O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlariga u yasagan buyumlar kirib bordi. Temirchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Shokir Kamolov o‘z sulolasining beshinchi avlodi. 5 asrlik ustaxonada hozir ham mahsulotlar eski usulda, qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Buxoroga kelgan xorijliklar Arkni tomosha qilish bilan birga xalq tilida Saroy Kulita deb nomlanuvchi, saroydagi 16-asrda bunyod etilgan temirchilik ustaxonasiga ham kirib o‘tishadi. Ushbu ustaxonada o‘z davrida dong taratgan usta Shamsiddin, usta Sharif kabi temirchilar ishlagan. Bugun esa usta Shokir farzandlari – Shavqiddin va Zavqiddin Kamolovlar bilan birga bobomeros kasbini davom ettirishmoqda.
–Hozirgacha ota kasbini davom ettirib kelayapman, –deydi O‘zbekiston xalq ustasi, hunarmand Shokir Kamolov. –Ayni kunda ustaxonada 7- avlod ishlab turibdi. Men 5- avlod hisoblanaman.
Shokir Kamolov temirchilik kasbining ortidan ko‘p yurtlarni kezdi. Dunyo mamlakatlariga borib, o‘z mahsulotlari ko‘rgazmalarini tashkil qildi. U xorij hunarmandlarining noyob asarlarini tahlil qildi. Pirovardida Buxoroning asl pichoqlarini yana yurtga qaytardi.
[gallery-18705]
–Ustaxonamizga kelgan turistlar mahsulotlarimizdan xarid qilishadi, –deydi temirchi Shokir ota. –O‘zimizning yurtdoshlarga ham turli uy-ro‘zg‘or buyumlari – ketmon, o‘roq, bolg‘alar yasab beramiz. Turistlar esa ko‘proq Damashq po‘latidan yasalgan pichoqlar, qaychi, shamdon va turli idishlarga qiziqishadi. Ota-bobomiz qanday usulda ishlagan bo‘lsa, biz ham o‘sha usulda, bolg‘a bilan ishlab kelyapmiz. To‘g‘ri, hozirda zamonaviy bosqonlar ko‘p, ammo ulardan foydalanmaymiz. Ota-bobolarim amir saroyida ishlagan. Shu sulolaning vakili ekanligimdan faxrlanaman.
Ustaning ma’lum qilishicha, temirchilikning mehnati og‘ir bo‘lgani sababli chetdan shogirdlar ko‘p kelmaydi. Kelganlari ham ma’lum muddat o‘tgach, tashlab ketishar ekan. Shu sababli, sulolaning ustalari bu kasbni asosan o‘z farzandlariga kichik yoshidan o‘rgatib kelishgan.
1992 yilda temirchilik ustaxonasida muzey ham tashkil etilgan. Mazkur muzeyda sulola vakillari tomonidan turli yillarda yasalgan buyumlar, tarixiy temirchiliklar namunalari, erishilgan yutuqlar, chet davlatlardagi ko‘rgazmalarda qo‘lga kiritilgan sertifikatlarni ko‘rish mumkin. O‘zbekiston xalq ustasi hozirda yana bir muzeyni tashkil qilish ustida ish olib bormoqda.
–Otamdan meros qolgan asbob-uskunalar borki, men ularni tashlab yubora olmayman. –deydi usta. –Ko‘plab davlat mukofotlarini oldim. Bularning bari davlatimizning oddiy bir temirchi ustaning mehnatiga bo‘lgan e’tibori va e’tirofidir.
Muzeyda bugun mingdan ortiq eksponatlar joy olgan. Ular orasida 4-avlod usta Sharif yasagan ko‘plab buyumlarni ham uchratish mumkin. Umuman olganda, qadim Buxoroning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan mo‘’jaz ustaxona qanchadan-qancha sirlarni o‘zida saqlab kelmoqda. Bu boy durdonani asrab-avaylovchi ustalar esa bugun o‘z mehnatidan haqiqiy rohatni his qilib yashashyapti.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari