Buxoro viloyatidagi 91 ta mahallada joriy yilning o‘tgan 10 oyida jinoyatchilik sur’ati ko‘paygan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyevning tashabbusi bilan jinoyatchilik oshgan barcha mahallalarda viloyat IIB sohaviy xizmat xodimlari biriktirildi. Bu jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda mahalla faollari va profilaktika inspektorlariga amaliy ko‘mak bo‘ldi.
Shofirkon tumanidagi Shodlik mahalla fuqarolar yig‘inida ham o‘tgan davr mobaynida sodir etilgan jinoyatlar soni ortgan.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan ushbu mahallada sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar tahlil qilindi. Oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan oilalar bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Mahalla hududidagi aholi xonadonlari, savdo majmualarida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari taftishdan o‘tkazildi. Yaroqsizlarini yangisiga almashtirish va qo‘shimcha ravishda yangi kameralar o‘rnatish borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu kameralarni tayanch punktiga integratsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Kuzatuv kameralarini o‘rnatish borasida olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida, shu kunning o‘zida 2 nafar fuqarolar tomonidan o‘z xonadoni va yon atrofida kuzatuv kamerasi o‘rnatish istagi bildirilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Tuman hududidagi 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati va o‘qituvchilari bilan birgalikda sababsiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmasdan yurgan, turli huquqbuzarlik sodir etishga moyil, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarning ota-onalari bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlari kuchaytirildi. Tuman ichki ishlar bo‘limining profilaktik hisobida turgan shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning jinoyat sur’ati oshgan 91 ta mahallalarning barchasida amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA