Buxoro viloyatida ham Prezidentimizning 2024-yil 9-apreldagi “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muborak hayit bayrami yuksak saviyada nishonlanmoqda.
Yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar qatori buxoroliklar ham erta tongdan viloyatdagi 105 ta jome masjidda Hayit namozini o‘qishdi. Unda 108 mingdan oshiq namozxon qatnashdi.
O‘qilgan namozlarda aholi uchun barcha qulay sharoit yaratildi. Masjidlar atrofi obodonlashtirildi.
[gallery-16861]
Xalqimiz uchun ezgulik va muruvvat, ruhiy poklanish oyi hisoblangan ushbu qutlug‘ kunlarda buxorolik ulamolar, imom-xatiblar, muhtaram faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida duolar qilindi.
Hayit bayrami arafasida “Vaqf” xayriya fondi, shuningdek, tashabbuskor homiylar tomonidan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylariga yordam ko‘rsatildi. “Muruvvat” uylarida xayriya tadbirlari amalga oshirildi.
Muqaddas qadamjo hamda qabristonlar obodonlashtirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.