Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda ziyorat turizmi rivojlanadi
10:10 / 2022-10-18

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrif buyurdi.

Turizm yo‘nalishidagi soha vakillari bilan muzokaralar olib borish, Buxoroning ziyorat turizmini keng targ‘ib qilish, sayyohlik oqimini ko‘paytirish maqsadida  tashkil etilgan tashrif doirasida Botir Zaripov Kuala-Lumpurdagi 3-Butunjahon islomiy turizm ko‘rgazmasida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. 

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli amaliy sa’y-harakatlar va istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.  

Shuningdek, viloyatdagi sayyohlik kompaniyalari ham ziyorat yo‘nalishida o‘z taqdimotini o‘tkazdi. Qiziqarli sayyohlik mahsulotlarini shakllantirishga doir ko‘rgazmalar tashkil etildi. Malayziyadagi sayyohlik kompaniyalari bilan 50 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ziyorat turizmi sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritishga kelishib olindi.  

Buxoro viloyati hokimligi bilan Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Muloqotlar chog‘ida Botir Zaripov xorijdan, xususan, Malayziyadan ziyoratchilarni yurtimizga olib kelish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xorijiy ziyoratchilar sonini ko‘paytirish, ziyoratgohlar haqida video mahsulotlarni yaratish hamda ularni internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali ommalashtirish kabi muhim masalalarni ham ta’kidladi.  

Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha ijobiy harakatlar qilinayotgani yaxshi natijalarga olib kelishini e’tirof etdi. Bu borada bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar ikki davlat manfaatlari, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini aytdi. 

“MATTA” uyushmasi prezidenti Tan Kok Liang bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Malayziya aholisida O‘zbekistonga sayohat qilish va qadimiy obidalarni ziyorat qilishga qiziqish katta ekani ma’lum qilindi. Muzokaralarda umra safariga otlanganlarning ma’lum qismini O‘zbekiston orqali borishini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Uch ming ziyoratchilarni qabul qilishga doir Memorandum imzolandi. 

Ma’lumot uchun, “MATTA” Malayziya turizm va sayohat agentliklari assotsiatsiyasi bo‘lib, 3 mingdan ortiq a’zolari bor. Bosh idorasi Kuala-Lumpurda joylashgan. Malayziyaning boshqa mintaqalarida ham bo‘limlariga ega. 

Tashrif doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya hamda Malayziyaning “Air Asia” aviakompaniyasi rahbariyati ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda har ikki tomon vakillari mamlakatlar o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanishi O‘zbekiston va Malayziya manfaatlariga birdek mos kelishini alohida ta’kidlashdi. Bundan tashqari, muloqotda transport yo‘laklari bo‘ylab yuk va yo‘lovchi tashish salohiyatini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari keng muhokama qilindi.  

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov malayziyaliklarni mamlakatimiz, ayniqsa, Buxorodagi tarixiy ziyoratgoh va qadamjolarga ziyoratini tashkil etish, bu borada “Umra +” loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan “Kuala-Lumpur – Buxoro – Kuala-Lumpur” aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq takliflarini bildirdi.  

Uchrashuvda “Air Asia” aviakompaniyasining savdo bo‘yicha direktori Karen Chan xonim O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyati hamda boy tarixiy-madaniy merosga egaligi Malayziya fuqarolarida yuqori qiziqish uyg‘otishini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.  

Shundan kelib chiqib, uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlarda muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlikda ishlarni davom ettirishga kelishib olishdi. 

 

Zarif Komilov,  
O‘zA