O‘zbekiston iqtisodiyotida xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish strategik ustuvor yo‘nalishga aylandi. Ayniqsa, zargarlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy an’analarni zamonaviy sanoat texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirish orqali mamlakatning eksport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Buxoro shahrida faoliyatini boshlagan “ELLA JEWELRY” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizidagi zargarlik klasteri nafaqat hududiy, balki respublika miqyosidagi ana shunday tizimli o‘zgarishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 38 milliard so‘mni tashkil etishi va 120 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mazkur tarmoqning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati naqadar yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Korxonaning asosiy maqsadi milliy zargarlik an’analarini zamonaviy dizayn va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirgan holda, raqobatbardosh milliy brend yaratish hamda O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirishdan iborat. Mazkur klasterning ishga tushirilishi zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishda klassik hunarmandchilikdan yuqori texnologik sanoat usuliga o‘tish davri boshlanganidan dalolat beradi. Turkiyaning ilg‘or texnologik ishlanmalari va innovatsion dizayn yechimlari bilan jihozlangan 1 362 kvadrat metrlik ishlab chiqarish maydonida yuqori aniqlikdagi zargarlik buyumlari tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-27754]
E’tiborli jihati, ishlab chiqarish jarayonining zanjirsimon tashkil etilgani, xususan, markaz ichida “O‘zmilliybank” AJ ning qimmatbaho metallar ombori joylashtirilgani tadbirkor uchun logistika xarajatlarini minimallashtirish imkonini berdi. Bu tizim ishlab chiqaruvchining vaqtini tejash bilan bir qatorda, tilla xomashyosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank zaxirasidan olish orqali uzluksizlikni ta’minlamoqda.
“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 – 2025-yillar davomida sohada erishilgan natijalar tarmoqning jadal rivojlanayotganini tasdiqlaydi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida zargarlik korxonalari soni 1 344 tadan 2 210 tagacha ko‘paydi. Sohada band bo‘lgan ishchi-xodimlar soni esa 1 500 tadan 5 785 nafarga yetib, ish haqi fondi 242 milliard so‘mdan 695 milliard so‘mgacha oshdi. Iqtisodiy samaradorlikning o‘sishi natijasida davlat byudjetiga soliq tushumlari 177 milliard so‘mdan 435 milliard so‘mgacha yetdi. Eng muhimi, qimmatbaho metallar asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 6 768 kilogrammdan 15 920 kilogrammgacha, ya’ni ikki barobardan ziyodga ko‘paydi.
Umuman olganda, “ELLA JEWELRY” kabi klasterlarning tashkil etilishi milliy zargarlik san’atini dunyo bozorida munosib o‘rin egallashiga, aholi bandligini ta’minlashga va mamlakat imidjini yuksaltirishga xizmat qiladigan strategik nuqta bo‘lib qoladi. Turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv-laboratoriya markazlari esa soha uchun xalqaro standartlarga javob beradigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash imkonini beradi. Bu kabi loyihalar zamirida nafaqat iqtisodiy foyda, balki milliy qadriyatlarni zamonaviy talqinda boyitish va O‘zbekistonning zargarlik sanoatidagi mavqeini mustahkamlashdek ezgu maqsad mujassam.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari