Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda zardo‘zlik va zargarlik mahsulotlari namoyish etiladi
16:53 / 2022-04-22

Buxoroda birinchi marotaba xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivali o‘tkaziladi.

Xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish maqsadida Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Buxoro shahrida xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivali o‘tkazilishi belgilandi.  

Xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivalini joriy yilning 21-25 may kunlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Ayni kunda festivalni yuqori saviyada o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shaharning tarixiy qismida obodonlashtirish, bezatish ishlari boshlangan.  

Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar,  Turizm va sport vazirliklari, “Hunarmand” Respublika assotsiatsiyasi va “O‘zbekzargarsanoat” hamda boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida o‘tkaziladigan festivalga mahalliy ishtirokchilar, 92 nafar zargar va 40 nafar zardo‘z qatnashishi rejalashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, festivalga 50 mamlakatdan 150 nafardan ortiq zardo‘zlik va zargarlik san’ati vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda. Festival doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’ati taraqqiyoti” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Toshkent shahrida zargarlik sanoatining xorijiy mamlakatlardagi vakillari, chet ellik investorlar hamda ekspert va mutaxassislar ishtirokida “O‘zbek zargarlik yarmarkasi” xalqaro ko‘rgazmasi va zamonaviy uskunalar, texnologiyalar va zargarlik mahsulotlari sotuvi tashkil etiladi. 

– Hunari bor insonlar hech qachon xor bo‘lmaydi, – deydi 82 yoshli buxorolik zardo‘z usta, O‘zbekiston Qahramoni Muyassar Temirova. – Davlat rahbari ham hunarli insonlarni doimo e’zozlaydi. Buni birgina Buxoroda may oyida o‘tkaziladigan Xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivali misolida ham ko‘rish mumkin. Birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur festivalda albatta qatnashaman. O‘zimning sara asarlarim bilan barchani lol qoldiraman.  

Buxorolik zardo‘z usta, O‘zbekiston Qahramoni Muyassar Temirova 82 yoshda bo‘lishiga qaramay, hunarini tashlab qo‘ygani yo‘q. Tikishlar qilib, shogirdlarini tarbiyalamoqda. 100 dan ziyod shogirdlari bo‘lgan zardo‘z opa 47 yildan buyon shu sohada mehnat qiladi.  

Xalqaro festivalda turli tomoshalar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, musiqali teatr konsertlari va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Festivalning maqsadi zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlarida faoliyat olib boradigan va uning istiqboliga salmoqli hissa qo‘shayotgan tajribali va iqtidorli hunarmandlarni kashf qilish, ular taqdim etgan nodir va yo‘qolib borayotgan san’at asarlarini asrab-avaylash va tiklashdan iborat. Zardo‘zlik va zargarlik buyumlarining keng ko‘lamli taqdimotlari o‘tkaziladi. Unda har bir viloyatdagi hunarmand maktablari tarixi, hayot tarzi va an’analarini aks ettirgan ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.  

Xalqaro  festivalning zarfestival.uz rasmiy veb-saytida mazkur tadbir haqida batafsil ma’lumot kiritilgan. Jumladan, milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlar, noyob hamda yo‘qolib borayotgan zardo‘zlik va zargarlik namunalarini saqlash, qayta tiklash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish borasida zarur ma’lumotlarni  olish mumkin. Rasmiy veb-sahifa orqali festivalda qatnashish istagini bildirgan xorijlik hamda mahalliy hunarmandlar, soha vakillari ro‘yxatdan o‘tishlari ham mumkin.  

[gallery-6771]


Zarif Komilov,  
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA