Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda zamonaviy kasblar rivojlanmoqda
09:24 / 2022-08-02

Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar qatorida IT ham jadal rivojlanmoqda.

Prezidentimiz joriy yil 29 iyul kuni IT sohasi vakillari bilan uchrashuvda yoshlarimizga sharoit yaratib berilsa, bu sohani yanada yuqoriroq pog‘onalarga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda internet qamrovi va sifatini keskin oshirish zarurligi hamda IT sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Buxoro viloyatida ham sohani yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish uchun joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 1,441 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Umumiy uzunligi 13,165 ming kilometrga, keng polosali portlar soni 30,864 mingtaga oshirildi. Umumiy sig‘imi 322,8 mingtaga yetkazildi. Buning natijasida viloyatdagi aholi punktlari 70 foiz optik tolali aloqa tarmoqlari orqali yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan ta’minlandi. 1 Gbit/s. tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi.

Viloyatda mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 25 ta yangi stansiya o‘rnatildi. 81 ta mavjud baza stansiyalari modernizatsiya qilindi. Magistral tarmoq o‘tkazuvchanligi viloyat markazi darajasida 400 Gbit/s. (4 barobar)ga, tumanlar darajasida 40 Gbit/s. (4 barobar)ga oshirildi. Yil yakuniga qadar telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida 2,5 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari, 18 ming sig‘imga teng keng polosali portlar hamda 70 ta baza stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, IT sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, viloyatdagi tajribali IT sohasida yuqori bilim darajasiga ega mutaxassis va tadbirkorlar bilan axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Shu bilan birga yoshlarni yuqori maoshli kasb egasi bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida IT sohasida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tajribali tadbirkorlar, AQSHning nufuzli IT tashkilotlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni jalb qilgan holda tajriba almashish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

EPAM Systems kompaniyasi dasturchisi Bahrom Sa’dullayev buxorolik dasturchilarni birlashtirish uchun texnologik poligon tashkil qildi. Shaxrillo To‘xsanov va Furqat Vohidovlar yoshlarni dasturlash bo‘yicha masofadan turib yuqori daromad olish, frilanserlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Buxoro maktabini yaratish bo‘yicha izlanmoqda. Birgina, Shaxrillo To‘xsanov 20 nafar yoshlarni ingliz tili va dasturlash sohasida o‘qitib, oylik daromadi 7000 dollar bo‘lgan yuqori maoshli kasb egalariga aylantirdi.

Prezidentimizning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida 25 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Masofaviy xizmatlar eksporti markazlari”ni tashkil etish yuzasidan bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan viloyatda yosh tadbirkor Sardor Safarov AQSH kompaniyasi bilan hamkorlikda “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi”ni tashkil etdi. Markazda 50 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi. bugungi kunda markazning oylik eksport hajmi 35 ming dollarni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” faoliyatini rivojlantirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK Buxoro filialiga tegishli bino ta’mirlanib, mazkur tadbirkorga berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tashkil etilishi rejalashtirilgan “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” orqali 150 nafar yoshlar yuqori maoshli kasb egalari bo‘lishi, yiliga 1 million dollar miqdorida IT-xizmatlarini eksport qilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash hamda IT-xizmatlar eksport hajmini oshirish maqsadida ta’lim va IT xizmatlar eksportiga ixtisoslashtirilgan “Qorako‘l” IT-klasterini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar Hindistonning Acharya instituti bilan hamkorlik olib borildi. “Qorako‘l” IT-klasteri huzurida Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan universitet tashkil etish bo‘yicha Buxoro viloyati hokimligi hamda Hindistonning Acharya instituti o‘rtasida memorandum imzolandi. Shu bilan birga Qorako‘l tumanida IT-klaster faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi ishlab chiqildi hozirda kelishuv jarayonida. Bundan tashqari “Bukhara City” hududidan ajratilgan 1,5 gektar yer maydonida to‘qqiz qavatli zamonaviy binoning 4000 kv.m qismi IT-Parkning Buxoro filiali uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda qurilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur bino yil yakuniga qadar qurilib IT-Parkning Buxoro filiali ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

 

Alijon Yaxshiyev,

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA