English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda yuz yil oldin qimmatchilikka qarshi qanday kurashilgan edi?
08:19 / 2020-12-29

Vatanimiz tarixidagi 29 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1822 yil (bundan 198 yil oldin) – tarixchi olim Shodmon Vohidovning qayd etishicha, hijriy 1238 yil rabiassoniy oyining o‘n to‘rtinchi kuni Qo‘qon xoni Umarxon vafot etdi. Shu kuni uning vorisi Muhammadalixon – Ma’sumxon To‘ra, shayx al-islom Domullo Zokirxo‘ja eshon va tog‘alari Qosim beklarbegi tomonidan xonlik taxtiga ko‘tarildi.

Mirzo Olim Mahdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarida bu voqea quyidagicha qayd etilgan: “Vafot va jasadlarini bir kecha kunduz maxfiy saqlab, Umarxonning 14 yoshga kirgan o‘g‘li Muhammadalixonga hamma arkoni davlat va a’yoni mamlakat bay’at qilib, qasamyod aylab, podshohlikning rusumi bo‘yicha Muhammadalixonni oq namadga solib, xon ko‘taribdurlar”.

1921 yil (bundan 99 yil oldin) – tarixchi Mahmud Ochilovning yozishicha, Buxoro respublikasida “Buxoro ikkinchi sanoat shirkati” tashkil qilindi. U 1922 yil 4 yanvardan o‘z faoliyatini boshladi. Buxoroning Chinnifurushlar rastasidagi Ulug‘bek madrasasidan shirkat idorasi uchun joy ajratildi. Buxoro hukumati tomonidan 1922 yil 4–10 yanvarda unga 500 million so‘m oqcha ajratilgan va shirkat sarmoyasi 1 million oltin so‘m qilib belgilangan.

“Buxoro axbori” gazetasining 1922 yil 4 fevraldagi “Qimmatchilik bilan kurash” nomli maqolasida yozilishicha, “Bu shirkat sovun zavodi ochib, bozordan 20 ming so‘mga olina turg‘on sovunni 1000 so‘mga, gugurt zavodi qilib, 5000 so‘mlik gugurtni 1000 so‘mga sotmoq va shunga o‘xshash zavodlarni borliqqa keltirib, narsalarni arzon bahoga chiqarib, qimmatchilikni bitirmak bo‘lgandur ham shirkatning sarmoyasi ko‘proq to‘planib, ko‘proq narsalar ishlashga imkon bo‘lsin uchun shirkatning narxini arzon qilib, har bir kambag‘alning shirkatga qo‘shilmog‘iga yo‘l ochqonlardir. Shirkat hozirgi kunda elektrik istansasi bino qilib, shahar xalqiga lampa o‘rniga elektrik chirog‘i bermak uchun bu to‘g‘rida hisob yurg‘izib ko‘rdi”.

1934 yil (bundan 86 yil oldin) – Samarqanddagi tarixiy-me’moriy yodgorliklarni arxeologik jihatdan tadqiq etgan olim Vasiliy Vyatkinnining hoki o‘zi ochgan Ulug‘bek rasadxonasining yoniga ko‘chirildi. U 1932 yilda vafot etgan bo‘lib, uning ilmiy xizmatlarini hurmatlash yuzasidan, o‘sha vaqtda Samarqand Registonida dafn etilgan edi.

1937 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Rixsixon Ibrohimova tavallud topdi. U 1997 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1991 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekistonda mustaqillikka bag‘ishlangan umumxalq referendumi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Toshkent shahar hokimi lavozimiga saylov o‘tkazildi. O‘zbekiston xalqi respublika Oliy Kengashi e’lon qilgan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini ma’qulladi. Demokratik me’yor va tartiblarga mos ravishda, umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash huquqi, muqobillik asosida o‘tgan umumxalq saylovida Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.

1993 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligini hamda hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilishdagi, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazilganligini inobatga olib, 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni etib belgilandi.

1994 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

1994 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tashkil etildi.

2016 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi «Mingtepa» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi