O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostida yosh olimalar ekoforumi doirasida ilmiy taqdimot o‘tkazildi.
Unda arxitekturadagi ekologiya masalalari, yashil qurilish konsepsiyasini rivojlantirish, shaharsozlikda energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va ekologik me’morchilik tamoyillarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tarkibida azot va oltingugurt bo‘lgan antiseptiklar olish texnologiyasini ishlab chiqish, hamda “BioFix” o‘simlik tarkibiga asoslangan ekologik xavfsiz plastirlarni yaratishga oid yangi ishlanmalar haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbirda yosh olima ayollar ilmiy ishlari taqdimoti namoyish qilindi. Jumladan, Ilg‘or texnologiyalar markazi Biotexnologiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Shahnozaxon Umarova so‘zga chiqib, “Antibiotik rezistentlikning kelib chiqishi va uni biotexnologik usulda bartaraf etish imkoniyatlari” mavzusida o‘z taqdimotini namoyish etdi.

– Antibiotiklarga chidamlilikning inson salomatligi uchun xavfli oqibatlari, global miqyosda ushbu muammo keskin tus olmoqda. Shuningdek, taqdimotda biotexnologik usulda an’anaviy antibiotiklarning o‘rnini bosuvchi, tabiiy manbalardan ajratib olinadigan antimikroboksillarni ishlab chiqish imkoniyatlari va ularning afzalliklari haqida ham asoslangan ma’lumotlarni taqdim etdim, – deydi olima Shahnozaxon Umarova.

Tadbir so‘ngida o‘z g‘oya va tashabbuslari bilan faol ishtirok etgan olimalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bu kabi uchrashuvlarni boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.