Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda yirik shamol va quyosh elektrostansiyalari qurilmoqda
15:32 / 2024-04-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi “Buxoro viloyatining Peshku hamda G‘ijduvon tumanlarida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida yirik megaloyiha amalga oshirilmoqda. Hozirga kelib 50 foizga yaqin ishlar bajarib bo‘lindi. Shuningdek, Qorovulbozor tumanidagi loyiha bo‘yicha fotoelektr stansiyasida birinchi bosqich ishga tushirilib, navbatdagi bosqich bo‘yicha jarayonlar davom etyapti.

Bugungi kunda yashil energetikadan foydalanish ko‘lami tobora ortmoqda. Bu boradagi jarayonlar Buxoro viloyatida ham izchil davom ettirilyapti. Misol uchun, o‘tgan yili Shamol elektr stansiyasi uchun ajratilgan Peshku tumanidagi 154, G‘ijduvon tumanida esa 172 gektar yer maydonida machtalarni o‘rnatish, har bir tuman hududida 2 ta podstansiyani qurish, shuningdek, loyiha davomida umumiy uzunligi 291 kilometr masofadagi 500 kVt kuchlanishga ega havo elektr uzatish liniyasini tortish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarining dastlabki bosqichiga start berilgan edi. Hozir “Bash” va “Jongeldi” massivlarida 80 ga yaqin minora o‘rnatilgan bo‘lib, haqiqatdan bu joy yirik qurilish maydoniga aylangan. Umumiy qiymati 650 million AQSH dollariga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish va qurish ishlari xorijning eng yetakchi kompaniyalari mutaxassislari tomonidan amalga oshirilyapti.

–  Bugun O‘zbekistonda yashil energiyadan foydalanish bo‘yicha juda katta ishlarga qo‘l urilyapti, – deydi loyiha bosh direktori Alper Karain. – Shaxsan davlatingiz rahbari tomonidan soha rivoji uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bizning Buxorodagi loyihamiz hech mubolag‘asiz yurtingizda shamol energetika sanoatida tub berilish yasamoqda. O‘z tajribamga tayanib aytadigan bo‘lsam, bu inshoot kelgusi 25-30-yil davomida mamlakatingizning energiyaga bo‘lgan ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi. Bu mahalliy aholining bandligini ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega. Chunki, muqobil energiyadan foydalanish evaziga hududlarda ishlab chiqarish sohasida ham muvaffaqiyatlarga erishiladi.

Viloyatda energetika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 1 ta gaz-porshenli elektr stansiyasi, 2 ta shamol va 2 ta fotoelektr stansiyasi qurilib, 2026-yilga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida har birining quvvati 6,5 MVtdan bo‘lgan shamol turbinalari o‘rnatilyapti. Hozirgi kunga qadar jami quvvati 474,5 MVtga teng bo‘lgan 73 ta shamol turbinasi o‘rnatib bo‘lindi. Har bir turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi. Ushbu yirik loyihalar doirasida 2 ta obyektda jami 158 ta mana shunday shamol turbinasi o‘rnatiladi. Mazkur elektr stansiyalarining dastlabki 400 MVt quvvati 2024-yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. Stansiyalar to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 3 milliard 600 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard 100 million kubometr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 million 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Shuningdek, ushbu loyihalar doirasida uzunligi 260 kilometr bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash uskunalari quriladi.

“ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan loyiha doirasida o‘tgan yili 200 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Ushbu stansiyalar to‘la quvvatda ishga tushirilishi bilan yiliga 3,6 milliard kVt soat yoki viloyat ehtiyojini to‘la qoplashga yetadigan elektr energiyasi ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.

–Biz bu yerda pudratchimiz, –deydi portugaliyalik qurilish maydoni menejeri Xulio Barbosa.–Bizning mulkdorlarimiz va Markaziy qo‘mitamiz bor. Qurilishni nazorat qilish va ularning loyihaga mos kelishini muvofiqlashtirib boryapmiz. Ushbu 500 megavatt loyiha, jami 79 ta shamol turbinasidan iborat bo‘ladi. Bu yerda ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan holatni tasavvur qiling, 6,5 megavatt quvvatga ega gigant mashinalar o‘rnatiladi. Biz uch yil davomida hududda kerakli tadqiqotlarni o‘tkazdik. Chindan ham “Jongeldi” va “Bash” massivlarida bizning loyihani amalga oshirish uchun juda ko‘p shamol va potensial mavjud. Shu bois, bu hududda yurtingiz uchun zarur bo‘lgan katta miqdordagi elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Birgina misol, loyihamiz mamlakatda energiya ishlab chiqarishning 6 foizini tashkil qiladi va milliy energiya tizimiga ulanadi.

–Ushbu loyiha “Energi China” kompaniyasi uchun ham juda katta yangilik bo‘ldi, deb ayta olaman, – deydi xitoylik qurilish bo‘yicha loyiha direktori Liu Chuan. – Loyihada qurilish bo‘yicha direktor sifatida shuni aytishim mumkinki, bu biz bilgan shamol stansiyalari qurilishi bo‘yicha eng kattasi. Atrofimizga tajribali mutaxassislarni jamlab, xalqaro andozalar asosida ishni tashkillashtirishga harakat qilyapmiz. 300 ga yaqin ishchi katta ko‘lamdagi ishni bajardi. Biz “ACWA POWER” bilan birgalikda bor kuch-g‘ayratimizni sarflab, o‘zimizga bildirilgan ishonchni oqlashni maqsad qilganmiz. Bu “Energi China”ning ham xalqaro qurilish maydonida nufuzini oshirishiga aminman. 

– Ushbu yirik loyihaga xitoylik ayol mutaxassislarimiz ham hissa qo‘shayapti, – deydi xitoylik ayol loyiha muhandisi Li Ling. – Asosan, qurilishning sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish bizning zimmamizda. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, jarayonlarda eng so‘nggi andozalarga tayanib ish tutilmoqda. Barchamizning maqsadimiz belgilangan rejani muvaffaqiyatli yakunlash. Buning uchun bizda yetarli kuch, imkoniyat mavjud. Demak, shamol elektrostansiyasi dastlabki qadam sifatida yurtingiz energetika tizimida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonaman.

– Bizning kompaniyamiz qurilishning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi, – deydi xitoylik qurilish bo‘yicha loyiha muhandisi Vang Run. – Yo‘l qurilishi, yuklarni manziliga yetkazishdan tortib, murakkab montaj ishlarini ham bajarib kelyapmiz. O‘zbekistonga 2020-yilda kelib, bu yerdagi imkoniyatlarni to‘la o‘rganib chiqqan edik. 2025-yilga kelib, barcha jarayonlarni to‘liq nihoyasiga yetkazamiz. Avval ham nafaqat Xitoy, balki Yevropa mamlakatlarida bunday loyihalarni amalga oshirganmiz. O‘zbekistondagi ishimiz esa hech mubolag‘asiz eng yirik inshootimiz bo‘ladi.

Umuman olganda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, ko‘plab moliya institutlarining katta qiziqishi, moddiy rag‘batlantirishi natijasida yurtimizda tabiat bergan imkoniyatlardan foydalanib, katta miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu, o‘z navbatida, aholi va iqtisodiy tarmoqlarning energiyaga bo‘lgan talabi qondirilishiga xizmat qiladi.

Bu yerda o‘rnatiladigan mashinalar 84 metr uzunlikdagi pichoqli ulkan ko‘rinishga ega bo‘ladi. 100 metr balandlikdagi shamol generatori, bahaybat minora vujudga keladi. “ACWA POWER” bu ishni amalga oshirish uchun o‘z atrofiga dunyoning juda ko‘p kompaniyalari, tajribali mutaxassislarini jamlagan. Misr, Turkiya, Rossiya, Belarus, Xitoy mutaxassislarining bu qurilmasi kelgusida barcha hayratlanadigan va havas qiladigan  katta maydondagi ulkan machtali shaharchaga aylanadi. Eng asosiysi, bu inshoot uzoq yillar energiyaga bo‘lgan talabni qondirishga munosib ulush qo‘shadi. 

Bundan tashqari, ayni paytda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Shveysariya kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlikda 6 ta “yashil” stansiya va 1 ta energiya saqlash tizimlarini barpo etish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. G‘ijduvon va Peshku tumanlaridagi majmualardan tashqari, umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan yana 2 ta shamol elektr stansiyasini qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu raqamlar O‘zbekistonning muqobil energiyadan foydalanish borasidagi salohiyatini aks ettirishdan tashqari, xorijlik investorlarning ishonchini ham o‘zida ifodalayapti.

O‘zbekiston xalqaro maydonda yashil energetika sohasida yetakchilar qatorida turadigan ko‘plab kompaniyalarning ishonchini qozonib ulgurdi. Investorlarga yaratilgan qulayliklar, berilayotgan imtiyozlar ularda yirik loyihalarni aynan bizning mamlakatda amalga oshirishi uchun asos bo‘lmoqda. Yashil energiya bu barqaror o‘sish degani. Yurtimizda bu yo‘nalishda tashkil qilingan tizimni hatto dunyoning ko‘pgina rivojlangan davlatlarida ham uchratish qiyin. Shunday ekan, katta maqsadlar sari oldinga intilayotgan O‘zbekiston bugun “ACWA POWER” uchun eng yaqin hamkorlar sirasiga kiradi. 

Hozir cho‘l bag‘rida bunyod bo‘layotgan manzara  loyiha to‘liq ishga tushganidan keyin tasavvurga sig‘maydigan darajada kishilarni hayratlantirishi aniq. Bu ham davlatimizning salohiyatini yanada oshirishdan tashqari ishlab chiqarish va sanoat yo‘nalishida investitsiyalar hajmining oshishiga xizmat qiladi. 

 Shu o‘rinda yana bir ma’lumot. Bugungi kunda Buxoro viloyatida quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha umumiy quvvati 2850 megavatt bo‘lgan yirik loyihalar doirasida ishlar tashkil qilinyapti. Shundan 2023-yilda xorijiy investorlar bilan birgalikda dastlabki 200 MVt bo‘lgan quvvatlar ishga tushirildi. Xususan, o‘tgan yili davlat rahbari tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasining “Chayna Gejuba group” kompaniyasi tomonidan Qorovulbozor tumanida qiymati 400 million dollarlik, quvvati 500 MVt bo‘lgan yillik ishlab chiqarish hajmi 1,3 milliard kVt soat quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasining 200 MVt quvvati hamda “Aksa Enerji Bukhara” korxonasining yiliga 2 milliard 200 million kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 270 MVtli issiqlik elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. 

Dastlabki qadamning muvaffaqiyatli bo‘lishi albatta keyingi odimlarning shiddatiga xizmat qiladi. Xalqaro hamjamiyatning e’tibori, ishonchi, bank-moliya muassasalari va yetakchi kompaniyalarining ko‘magi natijasida bunyod bo‘layotgan yirik loyiha kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishning mustahkam asosi bo‘lishiga shubha yo‘q.

 

Zarif Komilov, 

O‘zA muxbiri