Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya tashkil etildi (+video)
12:17 / 2023-08-13

Prezident tashrifidan so‘ng...

Yer bilan tillasha olgan mirishkorlar har doim yaxshi natijalarga erishgan. Dalasiga bir ketmon urib, tuproqning nima “dardi” borligini tezgina biladigan dehqonlarimiz hozir ham juda ko‘p. Lekin... 

Lekin iqlim o‘zgarishlari, sho‘rlanish darajasining ortishi, turli ekologik muamammolar ekin maydonlariga ham ta’sir qilmoqda. Bu ta’sir esa tuproqdagi me’yor buzilishlari, muammolarni bartaraf etishda zamonaviy yondashuvlarni talab etmoqda. 

Yerning asl holatini, qay darajada zararlanganini bilmasdan ishlov berish ko‘p hollarda ortiqcha xarajat keltirib chiqaradi. Vaqt yo‘qotish va samarasiz urinish bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buxoroda tashkil etilgan yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya mana shunday holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. 

Laboratoriyada yaratilgan sharoitlar, Yevropadan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar, mutaxassislarning ilmi kishini hayratga soladi. Bu katta tadbirkorlik sub’ektining qator muvaffaqiyatli loyihalaridan biri. Avval ushbu agroklaster haqida to‘xtalamiz, yakunda esa zamonaviy laboratoriya xususida atroflicha ma’lumot ulashamiz. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida “Buxoro Agroklaster” tizimidagi bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi. 

Buxoro shahridagi “Buxoro Agroklaster DZZ” mazkur tizimda samarali faoliyat olib borayotgan korxonalardan biri sanaladi. Prezident tashrifidan so‘ng ushbu tadbirkorlik sub’ekti bilan yaqindan tanishdik. Mas’ullar bilan suhbatlashdik. 

Ushbu yirik tadbirkorlik sub’ektida sutni chuqur qayta ishlash, sut mahsulotlarni qadoqlash, xaridorga yetkazib berish kabi texnologik zanjir yo‘lga qo‘yilgan. 

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 6,2 million dollarlik investitsiya yo‘naltirilgan. Natijada 2021 yil ikki yarim gektardan ortiq qarovsiz maydonda zamonaviy korxona ish boshladi. 

– Bu yerga Italiya va Rossiyaning oziq-ovqat sanoatidagi yetakchi kompaniyalarida tayyorlangan ilg‘or texnologik liniya va asbob-uskunalar o‘rnatilgan, – deydi korxona bosh muhandisi Sunnat Murodov. – Natija ham shunga yarasha. Bugungi kunda bu yerda kuniga 60 tonna, yiliga 22 ming tonna sutni qayta ishlash quvvati mavjud. Bugun tayyorlanayotgan kefir, sut, pishloq, yogurt, qaymoq, smetana kabi mahsulotlarimizning turi qirqtadan ortdi. Korxonamizda ishlayotgan yuz nafardan ortiq ishchining barchasi mamnun. Oylik maoshi kam emas, ish sharoiti esa a’lo darajada. 

Ish ko‘lami keng va mahsulot turining ko‘pligi tadbirkor daromadiga ham ta’sir qiladi. Korxona yiliga 172 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarmoqda. Byudjetga yillik tushum bir yarim milliard so‘mni tashkil qiladi. Daromadning ortishi esa korxona faoliyatining har tomonlama kengayishiga xizmat qiladi. 

Ishlab chiqarish majmuasi hududida yangi inshootlar qurildi. Kattagina maydonga quyosh panellari o‘rnatildi. Bu korxona uchun sarf etiladigan jami elektr energiyasining yigirma foizini qoplamoqda. Shuningdek, qo‘shimcha investitsiya loyihalari ham hayotga tatbiq qilinmoqda. Xususan, so‘zimiz boshida ta’kidlaganimiz – korxona tizimida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya ishga tushirildi. 

Buxoro viloyati ekin maydonlarining sho‘rlanganlik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Yuqori hosildorlikka erishish uchun tuproq tahlili o‘tkazish zarurati mavjud. 

[gallery-13086]

– Prezidentimiz Yevropa standarti bo‘yicha Germaniyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan bu laboratoriyani ko‘zdan kechirdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. – Bu yerda tuproq tarkibidagi qirqdan ortiq, suv tarkibidagi o‘nga yaqin ko‘rsatkichlar, mineral o‘g‘itlarning sifat tahlillari olib boriladi. Tuproqning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, shu orqali o‘simliklarning mineral va organik o‘g‘itlarga bo‘lgan talabi aniqlanadi. Tuproq xossalari, sho‘rlanish darajasi ham chuqur o‘rganiladi.

O‘rganish natijalari asosida yerni me’yorlashtirish bo‘yicha chora tadbirlar olib boriladi. Davlatimiz rahbari mana shunday laboratoriyalarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Alohida ta’kidlash lozim, laboratoriyada shakllantirilgan barcha ma’lumotlar korxonaning yana bir loyihasi – “Agro Smart Map Uz” platformasiga yuklab boriladi. Shu ma’lumotlar asosida yer egalari kerakli agrotexnik tavsiyalar oladi. 

<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/7pLzlnfwW10" title="Бухорода ер майдонлари унумдорлигини аниқлаб берувчи замонавий лаборатория ташкил этилди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Laboratoriyada bugungi kunda yiliga 300 ming gektar maydonda tegishli tahlillar o‘tkazish quvvati mavjud. Bu kabi tahlillar viloyat agrar sohasida yuqori hosildorlikka erishish uchun muhim sanaladi. 

Ikrom AVVALBOEV,
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA