Buxoroda kuniga 288 ming kub metr tabiiy gaz va 3,3 tonna kondensat qazib olinadigan yangi quduq ochildi.
Konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zahirasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg‘ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari qayta ta’mirlanib ishga qo‘shilmoqda.
“Tegirmon” koni Buxoro viloyatining Olot tumanida joylashgan bo‘lib 2019 yildan buyon ishlatilib kelinmoqda. Kondagi 15-sonli quduqda “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJ mutaxassislari tomonidan olib borilgan burg‘ilash ishlari ham muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ushbu quduqda burg‘ilash ishlari tugatilib, 2380 metrdan 2416 metrgacha bir qancha oraliqlarda perforatsiya ishlari amalga oshirildi. Quduqni o‘zlashtirish ishlaridan so‘ng, kunlik 288 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 3,3 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA