Buxoroda yana bir zamonaviy mehmonxona foydalanishga topshirildi
Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Qozi kalon ko‘chasi, 48-uydagi madaniy meros ob’ekti ko‘p yillar turli maqsadlarda foydalanib kelingan edi.
Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Qozi kalon ko‘chasi, 48-uydagi madaniy meros ob’ekti ko‘p yillar turli maqsadlarda foydalanib kelingan edi. Bino bir yil avval ijara shartnomasi asosida mahalliy tadbirkor Ixtiyor Ahmedovga berildi. Qisqa davr mobaynida mazkur ob’ektda ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada ko‘hna va boqiy Buxoroda yana bir zamonaviy “Imperial Palace” mehmonxona majmuasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur majmuaning umumiy loyiha qiymati 6 milliard so‘m bo‘lib, 40 o‘ringa mo‘ljallangan 23 ta xonadan iborat. Majmua mehmonlar didiga mos deluks, tripl, standart hamda tvin turkumidagi xonalar bilan alohida jihozlangan. Mazkur inshoot o‘zining qadimiyligini saqlab qolgan holda betakror me’moriy ko‘rinish, yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar va yuqori darajadagi servisi bilan boshqa mehmonxonalardan alohida ajralib turadi.
–Mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, qolaversa, tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli viloyat Madaniy meros boshqarmasi hamda boshqa mutasaddilar bilan hamkorlikda shu ishga qo‘l urdik, – deydi tadbirkor Ixtiyor Axmedov. –Muhimi o‘ndan ortiq kishining bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga jahon andozalariga javob beradigan mazkur mehmonxona xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etishi shubhasiz.
Mehmonxonaning ochilish marosimida ishtirok etgan mutasaddilar Buxoroga dunyo ahlining qiziqishi ortib borayotgani va sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish yo‘lidagi har bir taklif, tashabbuskorlik qo‘llab-quvvatlanishi hamda ayni tadbirkorning mehnatsevarligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tadbir yakunida mehmonlar majmuada yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.