Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda XVI asrga tegishli bo‘lgan “Talipoch qal’a darvozasi”ning bir qismi quladi
18:08 / 2022-03-13

Buxorodagi “Talipoch qal’a darvozasi” XVI asrga tegishli bo‘lgan madaniy mers ob’ekti hisoblanadi. Ob’ektning ayni kunda qulab tushgan qismi 2003 yilda qayta tiklangan. O‘tgan yillar davomida qal’a atrofidagi devorning chap qanoti ortidagi madaniy qatlamlarning cho‘kishi, qoplama devorlarida yoriqlar paydo bo‘lishi hamda joriy yil mart oyida kuzatilgan doimiy yog‘ingarchilik devorning cho‘kishi va qulab tushishiga olib kelganligi aniqlandi.

– Hafta davomida muttasil yog‘ingarchilik kuzatilgani oqibatida joriy yil 11 mart kuni kechki payt “Talipoch qal’a darvozasi” chap tomonidagi qal’a devorining bir qismi qulab tushgan, – deydi Buxoro viloyati madaniy meroc boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov. –Holat yuzasidan, 12 mart kuni Buxoro viloyati hokimligi, Madaniy meros hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mas’ul xodimlari va boshqarmaning maxsus eskspertlaridan iborat Jamoatchilik Ilmiy maslahat kengashi a’zolari ishtirokida joyida o‘rganish ishlari olib borildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur obida joriy yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirda sohaga tegishli rahbarlar va mutaxassislar tomonidan mazkur ob’ektning atrofini o‘rab olish, mazkur huddudda yashovchi fuqarolar va ob’ektga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi va ekspertlar tomonidan ob’ektning texnik holati o‘rganilib, uni tez fursatda qayta tiklash choralarini ko‘rish uchun harakatlar boshlangan.

Zarif Komilov, O‘zA