Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 14 ta maktab tashkil etiladi
15:52 / 2021-06-09

Xorijiy tillarga o‘qitishning sifatini oshirish maqsadida 2021-2022 o‘quv yilida Buxoro viloyatdagi 14 ta umumta’lim maktablari negizida xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

Ayni paytda viloyat umumta’lim maktablarida 4 ming 438 nafar xorijiy til o‘qituvchilari faoliyat olib bormoqda. Mavjud 536 ta umumta’lim maktabining 484 tasida ingliz tili fani o‘qitiladi. Bu jarayonni 2 ming 206 nafar pedagoglar olib bormoqda. Xorijiy til pedagoglarining 250 nafari fransuz, 215 nafari nemis, 1 ming 767 nafari rus tili fani o‘qituvchilari ulushiga to‘g‘ri keladi.  

Viloyatda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan 16 ta maktab, 4 ta variativ maktab mavjud bo‘lib, mazkur muassasalarda o‘quvchi-yoshlarga  chet tillari chuqur o‘rgatib boriladi.  

– Ayni paytda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani hech birimizga sir emas, – deydi viloyat hokimining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva. – Ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishda davlatimiz rahbarining joriy yil 19 maydagi PQ-5117-sonli “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan xalqaro tajribalar asosida pedagoglarning salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini yanada yuksaltirish maqsadida viloyatda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “English Speaking Nation” dasturi asosida viloyatga 2 nafar xalqaro ekspertlar jalb qilingan. Ular bilan hamkorlikda umumta’lim maktablarida ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish va o‘qituvchilar salohiyatini yuksaltirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ingliz tili o‘qituvchilarining sifat tarkibini oshirish maqsadida viloyat Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazida amerikalik mutaxassis Alisa Bredley rahbarligida ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun 2021 yil fevral-may oylarida qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Ingliz tili o‘qituvchilarining xalqaro sertifikatlar olishga tayyorlash bo‘yicha jahon standartlari doirasida ma’ruzalar tinglandi.  

Ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini yuksaltirish, bu orqali chet tilini bilish darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglar salmog‘ini oshirish maqsadida viloyat xalq ta’limi tashabbusi bilan yana bir yangi loyihaga qo‘l urildi. Mazkur loyiha asosida dastlab ingliz tili fani o‘qituvchilarining chet tilini bilish va egallash darajasi aniqlanadi. Bunda ularning tinglab tushunish, o‘qish, leksik, grammatik kompetensiyalari va gapirish ko‘nikmalari test sinovlaridan o‘tkazildi.

Ayni paytda viloyat umumta’lim maktablarida 2 ming 352 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, loyihada ularning 2 ming 232 nafari ishtirok etish istagini bildirdi. Joriy yilning mart oyi oxirida ishtirokchilarning yozma ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida A2, B1, B2 va C1 til bilish darajalarini baholash testi hamda gapirish ko‘nikmalarini baholash sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Sinov natijalari asosida hududiy malaka oshirish markazi va umumta’lim maktablaridagi ilg‘or, mahoratli ingliz tili fani o‘qituvchilari tajribasidan foydalangan holda ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun mahorat darslari olib borilmoqda. Loyiha dasturiga viloyatdagi barcha tumanlarning o‘zida yuqori darajadagi sertifikatga ega mutaxassislarni yo‘naltirgan holda 6 oylik til ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda viloyatdagi ingliz tili fani o‘qituvchilarining 11 foizi til bilish darajasini belgilovchi sertifikatlarga ega. Loyiha asosida joriy o‘quv yilining yakuniga qadar bu qamrovni 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘quv yilidagi umumta’lim maktablari bitiruvchilaridan 308 nafari sertifikatlarga ega. 279 nafari xalqaro va 23 nafari milliy doiradagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, rus tili fanini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan “KLASS!” (“Zo‘r!”) loyihasi doirasida Rossiyadan 2 nafar fan metodistlari va 5 nafar malakali o‘qituvchilar jalb etilgan. Metodistlar hududiy malaka oshirish markazida, 5 nafar o‘qituvchi Olot, Qorako‘l, Romitan, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlaridagi maktablarda faoliyat olib bormoqda.  

 

Zarif Komilov yozib oldi. O‘zA